O‘zbekistonning 4 ta OTMlari Yevropa va Markaziy Osiyodagi eng yaxshilar reytingidan o‘rin oldi

Mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk marotaba mamlakatning bir yo‘la to‘rtta oliy ta’lim muassasasi eng kuchli universitetlar qatoridan o‘rin egalladi.
Sputnik

TOShKENT, 17 dek — Sputnik. O‘zbekistonning to‘rtta oliy ta’lim muassasasi “Quacquarelli Symonds” xalqaro agentligining 2021-yil uchun eng yaxshi universitetlar reytingidan joy oldi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi xabar qildi.

Rivojlanayotgan Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari bo‘yicha 2021-yil uchun eng kuchli universitetlar reytingiga  Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish muhandislari instituti (251-300); Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti (351-400); Samarqand davlat universiteti (351-400); Toshkent davlat texnika universiteti (351-400) kiritilgan.

Reytingda eng yuqori o‘rinlarni M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti (Rossiya), Tartus universiteti (Estoniya), Sankt-Peterburg davlat universiteti (Rossiya) va Karlov universiteti (Chexiya) egallagan.

2018 yilda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi QS va “Times Higher Education” xalqaro reyting agentliklari bilan respublika OTMlarini xalqaro reytinglarga kirishga tayyorlash bo‘yicha strategik shartnoma imzolagan edi.

Ma’lumot uchun, dunyoda ta’lim sifatini baholovchi ko‘plab  reyting tizimlari bo‘lib, ulardan xalqaro miqyosda tan olinadigan Times Higher Education (THE), Quacquarelli Symonds (QS) va Academic Ranking of World Universities (ARWU) Shanxay reyting kompaniyalari o‘zining nufuzi bilan  dunyoga mashhur.