Rossiyada migrantlarning vaqtinchalik bo‘lish muddati 15-iyunga qadar uzaytirildi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin chet elliklarning vaqtinchalik bo‘lish muddatini 2021-yilning 15-iyuniga qadar uzaytirdi.
Sputnik

TOShKENT, 17 dek — Sputnik. Rossiyada koronavirus pandemiyasi tufayli migrantlarning vaqtinchalik bo‘lish muddati 2021-yilning 15-iyuniga qadar uzaytirildi. Tegishli farmonga Rossiya prezidenti Vladimir Putin imzo chekdi. Hujjat huquqiy axborotlar internet portalida 17-dekabr kuni chop qilingan.

Hujjatga binoan, chet ellik fuqarolar Rossiyada vaqtinchalik bo‘lish hujjatlari (jumladan, viza), yashash joyidan ro‘yxatdan o‘tish muddati, vaqtinchalik va doimiy yashash muddatini uzaytirishlari shart emas.

Rossiyadagi migrantlarning patentlari muddati pandemiya yakuniga qadar uzaytirilishi mumkin

Eslatib o‘tamiz, chet ellik fuqarolarning hujjatlari muddatini uzaytirish qarori koronavirus pandemiyasi va 18-aprel kuni mamlakatlar o‘rtasida chegaralar yopilishi munosabati bilan e’lon qilingan edi.

O‘sha vaqtdan buyon hujjat ikki marotaba uzaytirildi. Avvaliga 15-sentabr, so‘ngra 15-dekabrga qadar.

Ta’kidlash joizki, qabul qilingan hujjatga ko‘ra, migrantlar Rossiyada ularga mamlakatda yashash huquqini beruvchi hujjatlari muddati o‘tib ketgan taqdirda ham qolishlari mumkin.

Registratsiyalar, patentlar, yashash huquqini beruvchi hujjat (vid na jitelstvo) va boshqa hujjatlar muddati o‘tgan hisoblanmaydi, ularni bekor qilishmaydi, shuningdek, bu asosda chet elliklar RFdan deportatsiya ham qilinmaydi.