O‘zbekiston Inson kamoloti indeksida yuqoriladi

O‘zbekiston Inson kamoloti indeksida (Human Development Indicators) ikki pog‘ona yuqorilab, 189 mamlakati ichida 106-o‘rinni egalladi.
Sputnik

TOShKENT, 16 dek — Sputnik. O‘zbekiston Inson kamoloti indeksida (Human Development Indicators) ikki pog‘ona yuqorilab, 106-o‘rinni egalladi. Bundan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi (BMTD) hisoboti darak bermoqda.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi xabariga ko‘ra, hisobotning Inson kamoloti indeksi inson taraqqiyoti yo‘lida 3 ta asosiy omillar — uzoq va sog‘lom hayot kechirish, bilim olish va munosib turmush darajasi bo‘yicha e’lon qilinadigan statistik ma’lumotlar to‘plami hisoblanadi.

O‘zbekiston joriy hisobotda dunyoning 189 mamlakati ichida indeks qiymati 0,720 (maksimal indeks qiymati 1,000) bilan 106-o‘rinni egallab, 2019-yildagi hisobot natijalariga nisbatan +2 o‘ringa va +0.01 indeks qiymatlari bilan yaxshilandi.

Mamlakat natijalari quyidagicha:

  • aholining tug‘ilganda kutilayotgan umr ko‘rish davomiyligini belgilaydigan umr ko‘rish davomiyligi indeksi 71,7 yilni tashkil etadi (+0,1 yil o‘sish);
  • ta’lim indeksining ta’limning o‘rtacha davomiyligi 11,8 yil (+0,3 yil ijobiy o‘zgarish) va kutilayotgan ta’lim davomiyligi 12,1 yilni (+0,09 yil ijobiy o‘zgarish) tashkil etgan;
  • xarid qobiliyati pariteti bo‘yicha aholi jon boshiga YaMD miqdori $7142 ni tashkil etib o‘tgan yilga nisbatan $680 ga o‘sgan.

Ushbu hisobot BMT Taraqqiyot Dasturi tomonidan 1990-yildan boshlab nashr qilinadi. O‘zbekistonning ko‘rsatkichlari 1993-yildan buyon qayd etib kelinmoqda. Inson kamoloti indeksining 2020-yilgi hisobotida 2019-yil yakunlari tahlil qilinadi.