TOShKENT, 15 dek — Sputnik. Energetika vazirligi nima uchun turli avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarida benzin bir narxda sotilmasligi, nima uchun ba’zan olib kirilayotgan benzin partiyasi mahalliy benzindan arzonroq bo‘lishi ham mumkinligiga javob berdi.
Vazirlik O‘zbekistonda 2020-yil 1-maydan boshlab turli markadagi benzin va dizel yoqilg‘isi chakana narxlarini davlat tomonidan tartibga solish bekor qilinganini eslatgan.
1 maydan boshlab xo‘jalik yurituvchi subyektlar, jumladan AYoQShlar benzinni birja savdolari orqali sotib olmoqda.
Shu sabab benzin narxlari turli AYoQShlarda farq qilishi mumkin, chunki bu u har bir AYoQSh tomonidan qanchaga sotib olinganiga bog‘liq.
“Shu tariqa, benzin narxining shakllanishi O‘zbekiston Energetika vazirligi yoki boshqa davlat tuzilmalariga emas, balki ishlab chiqaruvchi (ma’lum bir neftni qayta ishlash zavodi)ning boshlang‘ich bahosi, taklif (birja savdolariga qancha benzin qo‘yilgan) va unga bo‘lgan talab (xaridorlar qancha sotib olishi)ga bog‘liq”, - deyilgan xabarda.
Nega ba’zan import benzin mahalliy benzindan arzonroq?
Ta’kidlanishicha, 1-maydan boshlab import qilingan benzin partiyalari ham savdolar orqali sotilmoqda. Haqiqatdan ham savdolarga ancha past narxda qo‘yilishi mumkin.
“AYoQShlar bunday benzinni bu partiya tugamaguncha sotishlari mumkin. Bu yerda so‘z bir marttalik yetkazib berish va import qilinayotgan benzin yetkazib beruvchining har bir partiyaga oid kelishuvi to‘g‘risida so‘z bormoqda. Bu bozor munosabatlaridan dalolatdir, bunda xuddi shu AYoQSh tomonidan qanday benzin qanday narxda sotilishi faqat birjaga bog‘liq bo‘ladi”, - deyilgan Energetika vazirligi xabarida.
Ma’lum qilinishicha, benzin va dizel yoqilg‘isini sotishning bozor mexanizmi neftni qayta ishlash zavodlari va AYoQShlarga sog‘lom raqobat sharoitida faoliyat yuritish imkon beradi. Hozirgi vaqtda benzin narxining oshishi yoki kamayishi ma’lum bir talab va taklifga bog‘liq.
Xususan, bozor mexanizmi joriy etilganidan so‘ng 3-mayning o‘zidayoq “O‘zbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJda o‘tkazilgan savdolar savdoga qo‘yilgan benzin narxi tushganini ko‘rsatgan.
“Birja savdolarida “O‘zbekneftgaz” AJ neft bazalari, avtomobilga yoqilg‘i quyish shahobchalari va o‘z ehtiyoji uchun benzin sotib oluvchi yuridik shaxslar ishtirok etadi. Savdolar erkin, shaffof va barcha toifadagi xarid qiluvchilar uchun teng sharoitda o‘tkaziladi”, - deya qo‘shimcha qilingan xabarda.