Tixanovskaya o‘z xatosi haqida gapirdi

Belarus prezidentligiga sobiq nomzodning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa yetakchilari hamisha Rossiyaga qarab, ehtiyotkorlik bilan ish qilishadi.
Sputnik

TOShKENT, 14 dek — Sputnik. Belarus prezidentligiga sobiq nomzod Svetlana Tixanovskaya Yevropa Belarusdagi vaziyat yuzasidan faqat xavotir bildirishi, biroq haqiqatda hech narsa qila olmasligini ma’lum qildi.

“Men oddiy odam bo‘lgan paytimda Yevropa shunchalik yaqin va buyuk, uning yetakchilari shunchalik kuchliki, ular biror narsa qiladi deb o‘ylardi. Ular qo‘l qovushtirib o‘tira olmaydi. Endi tushunyapmanki, ular o‘z xavotiri va birdamligini bildirishlariga qaramay aslida ular hech narsa qila olishmaydi”, - dedi Tixanovskaya Amerikaning “The New Yorker” jurnaliga bergan intervyusida.

"Yordam kerak". Tixanovskaya AQShdan Minsk bo‘yicha yangi sanksiyalar qabul qilishni so‘radi

U bir necha oydan beri Minskka qarshi “iqtisodiy sanksiyalar joriy etish” ustida ish olib borilayotgani, lekin jarayon sekin va qiyin ketayotganini ta’kidladi.

“Yevropa yetakchilari hamisha Rossiyaga qarab, ehtiyotkorlik bilan harakat qilishadi... Bu biz uchun og‘riqli. Men minnatdor bo‘lishni o‘rgatgan oilada o‘sganman. Shunday ekan bu mening xatom bo‘lishi mumkin. Asta-sekinlik bilan shunday xulosaga kelyapmanki, men shunchaki xavotir to‘g‘risidagi bayonotlardan minnatdor bo‘lmasligim kerak, biz aniq xatti-harakatlarni talab qilishimiz darkor. Men o‘rganyapman, lekin juda sekin”, - dedi Tixanovskaya.

Belarusda 9-avgust kuni prezident saylovlari bo‘lib o‘tdi. Mamlakat Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, unda Aleksandr Lukashenko g‘olib bo‘lgan. O‘sha kundan boshlab respublikada norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tmoqda.