TOShKENT, 13 dek — Sputnik. Toshkentda 38 va 58-sonli yo‘nalishdagi avtobus haydovchilari Shota Rustaveli ko‘chasida poyga uyushtirdi. Hodisa 11-dekabr kuni soat 14:50 larda ro‘y bergan. Bu haqda “Toshshahartransxizmat” AJ axborot xizmati xabar qilmoqda.
“Toshshahartransxizmat” Yo‘lovchi transportida harakat xavfsizligini nazorat qilish boshqarmasi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor surishtiruv natijasida qoidabuzar haydovchilar aniqlangan.
Toshkent shahar IIBB YHXB inspektori ikki haydovchiga nisbatan 12-dekabr kuni O‘zbekiston Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 128-5 moddasi bo‘yicha (Transport vositalari haydovchilarining xalaqit berishi yoki avariya holatini yuzaga keltirishi, yo‘lning qarama-qarshi harakatlanish uchun mo‘ljallangan tomoniga yoki bo‘lagiga chiqishi) ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirdi. Ular bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida (1 115 000 so‘m) jarima to‘laydi.
Toshkentda dekabr boshida ham haydovchilari poyga uyushtirgan 72 va 148-sonli avtobuslar to‘qnashgan edi. Yo‘lovchilar jabrlanganmagan. Har ikki haydovchi ishdan haydalgan edi.