Yangi dastur: Ohangaronda 13 mingdan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratiladi

Toshkent viloyatining Ohangaron tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi tasdiqlandi.
Sputnik

TOShKENT, 11 dek — Sputnik. Prezident qarori bilan 2021-2022 yillarda Toshkent viloyatining Ohangaron tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi tasdiqlandi.

Ishsizlik nafaqasi miqdorlari oshiriladi

Qarorga ko‘ra, Angren shahrining “Nurobod” qo‘rg‘oni, shuningdek O‘rtachirchiq tumanidagi “Baxt”, “Tosh DAU”, “A.Navoiy” va “O‘rtasaroy” hududlarining 2-uchastkalari Ohangaron tumaniga o‘tkaziladi.

Tumanda sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmatlar, servis va savdo sohalari, bo‘sh turgan bino va inshootlardan samarali foydalanish bo‘yicha 527 ta loyihalarning amalga oshirilishi va bu orqali 13 ming 192 ta yangi ish o‘rinlarining yaratilishi belgilangan.

Shuningdek, qaror bilan tumandagi investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlarni bajarish sharti bilan “bir so‘m” boshlang‘ich qiymatda “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasida auksion savdolariga chiqariladigan davlat mulki obyektlari (15 ta) ro‘yxati tasdiqlandi.