O‘zbekistonda yil boshidan oziq-ovqat mahsulotlari 16,3%ga qimmatladi - MB

Noyabr oyida oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining o‘sishi yillik hisobda 16,3 %ni tashkil etdi. Bunda 2019-yil noyabr oyiga nisbatan go‘sht mahsulotlari 17,7 foizga, meva va sabzavotlar 18,5 foizga, non mahsulotlari 16 foizga qimmatlashdi.
Sputnik

TOShKENT, 10 dek - Sputnik. Markaziy bank bayonotiga ko‘ra, O‘zbekistonda oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘sishi yillik hisobda 16,3%ni tashkil etgan.

Mirziyoyev oziq-ovqat mahsulotlarini arzonlashtirishni buyurdi

Bank ma’lumotlariga ko‘ra, yoz mavsumida narxlar o‘sishining sezilarli sekinlashishidan so‘ng sentabr oyining oxiridan boshlab oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘sishining ma’lum darajada tezlashishi kuzatilgan.

Bunda asosan meva-sabzavotlar narxlarining mavsumiy o‘zgarishi hamda asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari taklifidagi uzilishlar va sust raqobat sharoitlari ushbu tovarlar narxlarining o‘sishiga olib kelganligi aytilmoqda.

Xususan, noyabr oyida oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining o‘sishi yillik hisobda 16,3 foizni tashkil etgan. Bunda 2019-yil noyabr oyiga nisbatan go‘sht mahsulotlari 17,7 foizga, meva va sabzavotlar 18,5 foizga, non mahsulotlari 16 foizga qimmatlashgan.

Nooziq-ovqat mahsulotlari va xizmatlar narxlarining o‘sish sur’atlari esa umumiy inflyatsiyadan sezilarli darajada past bo‘lib, mos ravishda 8,3 foiz va 6,5 foizni tashkil etgan. Natijada yillik bazaviy inflyatsiya darajasi sekinlashishda davom etib, 11,5 foizgacha pasaygan.