Buxoroda gaz yo‘qligidan norozi aholi mashina yo‘lini to‘sib qo‘ygani yuzasidan ma’lum berildi

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro tumanining “Shergiron” MFY aholisi gaz ta’minoti tizimidagi muammolardan noroziligini bildirib, yo‘lning qatnov qismini to‘sishga urinayotgani tasvirlangan videolavhalar tarqalgan edi.
Sputnik

TOShKENT, 10 dek — Sputnik. “Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali Buxoroda gaz yo‘qligidan norozi aholi mashina yo‘lini to‘sib qo‘ygani yuzasidan ma’lum berdi.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro tumanining “Shergiron” mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi gaz ta’minoti tizimidagi muammolardan noroziligini bildirib, yo‘lning qatnov qismini to‘sishga urinayotgani tasvirlangan videolavhalar tarqalgan edi.

Ikkita sement zavodida gaz bosimining pasayishi sabab ishlab chiqarish to‘xtatildi

Ta’kidlanishicha, voqea sabablariga oydinlik kiritish uchun filial xodimlari, viloyat hokimligi mutasaddilari hamda sektor rahbarlari bilan birgalikda aholi bilan uchrashuv o‘tkazib, ularning shikoyatlarini tinglagan. Gaz ta’minoti bilan bog‘liq yuzaga kelgan masalalarni bartaraf qilish uchun barcha zarur choralar ko‘rildi.

Xabarda yozilishicha, shu kunlarda Buxoro tumanida aholi punktlarini tabiiy gaz bilan ta’minlashda bosimning keskin pasayishi kuzatilgan.

“Bunday vaziyatning yuzaga kelishiga “Sohibkor” gaz taqsimlash stansiyasidagi ikkinchi jo‘mrakning yopilishi sabab bo‘lib, natijada hududga tabiiy gaz yetkazib beruvchi quvurlarda bosim 6 dan 1,8 atmosferaga tushib ketgan. Natijada, 1,3 mingdan ziyod aholi xonadoni gaz ta’minotida qiyinchiliklarga duch keldi”, - deyilgan bayonotda.

“Hududgaz Buxoro” ayni vaqtda aholi punktiga gaz ta’minoti tiklanyotganini qo‘shimcha qilgan.