Bokuda G‘alaba paradi, Yerevanda esa norozilik namoyishi bo‘lib o‘tmoqda

Bugun Ozarbayjonda Tog‘li Qorabog‘dagi urush g‘alabasiga bag‘ishlangan harbiy parad bo‘lib o‘tmoqda. Armanistonda esa hukumat binosi oldida norozilik namoyishi bo‘lib o‘tmoqda.
Sputnik

TOShKENT, 10 dek — Sputnik. Ozarbayjon poytaxti Boku Tog‘li Qorabog‘dagi ikkinchi urushdagi g‘alabaga bag‘ishlangan harbiy parad bo‘lib o‘tmoqda, deb yozadi Sputnik Ozarbayjon nashri.

Paradda mamlakat prezidenti Ilhom Aliyev va Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an ishtirok etmoqda.

Paradda uch mingdan ziyod harbiylar, 150 donagacha harbiy texnika namoyish etilishi rejalashtirilgan.

Armaniston poytaxti Yerevanda esa hukumat binosi oldida norozilik namoyishi bo‘lib o‘tmoqda, deb yozadi Sputnik Armaniston nashri. Namoyishchilar bosh vazir Nikol Pashinyanning iste’fosini talab qilishmoqda. Namoyish huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari bilan to‘qnashuvga aylanib ketgan.

So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, Yerevandagi bugungi mitingda 42 nafar norozilik namoyishi ishtirokchisi qo‘lga olingan.

Eslatib o‘tamiz, sentabr oyida oxirida yana boshlangan Tog‘li Qorabog‘ mojarosi Rossiya, Ozarbayjon va Armanistonning uch tomonlama kelishuviga asosan 10-noyabrda to‘xtatilgan edi. Shundan so‘ng hududga Rossiya tinchlikparvar kuchlari kiritilgan va kelishilgan holda Agdam, Kelbajar va Lochin hududlari Ozarbayjon ixtiyoriga berilgan edi. Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Qorabog‘ bo‘yicha bitim o‘zi uchun juda og‘ir qaror bo‘lganini aytdi, lekin boshqa chora bo‘lmaganini ta’kidladi. Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev kelishuv imzolanishini Armanistonning taslim bo‘lish deb atadi.