O‘zbekiston bir nechta davlatlar bilan aviaparvozlarni bosqichma-bosqich tiklaydi

Prezident Mirziyoyev tomonidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida kelgusi yildan Yevropa mamlakatlari, Malayziya, Indoneziya, Pokiston, Tailand, Yaponiya kabi davlatlar bilan aviaqatnovlarni bosqichma-bosqich tiklash, yangi reyslarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Sputnik

TOShKENT, 9 dek - Sputnik. O‘zbekiston kelgusi yildan bir nechta davlatlar bilan aviaparvozlarni bosqichma-bosqich tiklaydi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida turizm va sport sohalarida amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusi yildagi vazifalar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videselektor yig‘ilishi ma’lum qilindi.

Rossiya sayyohlari uchun ayrim davlatlar chegaralari 2021-yil kuzigacha yopiq bo‘lishi mumkin

Kelgusi yilda 1,7 million xorijiy, 7,5 million mahalliy sayyohlarni jalb qilish, turizm xizmatlari eksportini 370 million dollarga yetkazish maqsad qilingan. Bu borada eng katta manba, avvalo, ziyorat turizmidir. Mamlakatda islom diniga oid ko‘plab ziyoratgohlar, yahudiylik, buddaviylik yodgorliklari bor. Bu imkoniyatdan foydalanib, 700 ming ziyoratchini jalb qilish va 130 million dollarlik xizmatlar eksportini ta’minlash mumkinligi qayd etildi.

Shu bois kelgusi yildan Yevropa mamlakatlari, Malayziya, Indoneziya, Pokiston, Tailand, Yaponiya kabi davlatlar bilan aviaqatnovlarni bosqichma-bosqich tiklash, yangi reyslarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Milliy aviakompaniyamizda chiptalar narxi balandligi tanqid qilinib, uni arzonlashtirish vazifasi qo‘yildi.

Davlat rahbari ziyorat turizmida targ‘ibot va ilmiy yondashuv yetishmayotganini ta’kidladi. O‘zbekistonning chet ellardagi elchixonalari bilan birga bu boradagi ishlarni kengaytirish muhimligi qayd etildi. Ziyorat turizmi bo‘yicha salohiyatli davlatlar fuqarolari uchun viza tizimini soddalashtirishga doir takliflar bildirildi.