Daraxtlarni noqonuniy kesganlik uchun jazo kuchaytirildi

O‘rmon yoki boshqa dov-daraxtlarni qonunga xilof ravishda kesganlik uchun jarima miqdori ikki baravarga oshirildi.
Sputnik

TOShKENT, 6 dek — Sputnik. O‘zbekistonda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, shuningdek, chiqindilarni yo‘q qilish sohasidagi ayrim qonunbuzarliklar uchun jarima miqdori oshirildi. Bu prezident imzolagan qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonunda nazarda tutilgan.

Hujjat bilan Jinoyat kodeksining 198-moddasiga (ekinzor, o‘rmon yoki boshqa dov-daraxtlarga shikast yetkazish yoki ularni nobud qilish) tuzatish kiritildi. Unga ko‘ra, 4-dekabrdan boshlab olovga ehtiyotsizlik bilan munosabatda bo‘lish natijasida ekinzor, o‘rmon yoki boshqa dov-daraxtlarga shikast yetkazish yoki ularni nobud qilish ko‘p miqdorda zarar yetkazilishi yoki boshqacha og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lgan ekologik huquqbuzarliklar uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravardan 100 baravarigacha jarima yoki 240 soatgacha soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 1-yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi (avvalroq BHMning 50 baravarigacha jarima bo‘lgan, qolgan qismlar o‘zgarmagan).

Bundan tashqari, o‘rmon yoki boshqa dov-daraxtlarni qonunga xilof ravishda kesganlik uchun BHMning 100 baravaridan 150 baravarigacha miqdorda jarima yoki 240 soatdan 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 1-yildan 2-yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 1-yildan 2-yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi (avvalroq BHMning 50 dan 70 baravarigacha jarima bilan jazolangan, qolgan qismlar o‘zgarmagan).

Ekinzor, o‘rmon yoki boshqa dov-daraxtlarga qasddan shikast yetkazish, ularni payhon qilish, nobud qilganlik uchun BHMning 150 baravaridan 200 baravarigacha jarima 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2-yildan 3-yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 2-yildan 3-yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi (avvalroq BHMning 75 dan 100 baravarigacha jarima bilan jazolangan, qolgan qismlar o‘zgarmagan).

Ushbu sanksiyalar BHMning 300 baravaridan 500 baravarigacha bo‘lgan zarar yetkazilganda qo‘llaniladi.

Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ham o‘zgartirishlar kiritildi. Xususan, 162-moddada ko‘rsatilgan javobgarlik 79-moddaga kiritildi. Daraxtlar, butalar, boshqa o‘rmon o‘simliklari va nihollarni g‘ayriqonuniy ravishda kesish, shikastlantirish yoki yo‘q qilish huquqbuzarligini qayta sodir etganlik uchun jarima miqdori oshirildi — jismoniy shaxslar uchun BHMning 20 baravaridan 30 baravarigacha, yuridik shaxslar uchun esa BHMning 20 baravaridan 30 baravarigacha etib belgilandi, shuningdek ulardan huquqbuzarlik sodir etishda foydalanilgan qurol musodara qilinadi.