TOShKENT, 4 dek, Sputnik. Kelajakda qonun ijrosini o‘z vaqtida bajargan fuqarolar uchun turli rag‘batlantirish uslublari ham ishlab chiqilmoqda. Xususan, ma’muriy jarimalarni tez va o‘z vaqtida to‘lagan fuqarolar uchun chegirmalar joriy etilishi mumkin.
Bu haqda AOKAda qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini isloh qilish bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida Oliy sud sudyasi Abdurasul Eranov ma’lum qildi.
"Agar qaror topshirilganidan so‘ng u 15 kuni ichida bajariladigan bo‘lsa, jarimaning 75%ini to‘lash kifoya bo‘ldi. Qolgan 25% idan ozod qilinadi", - dedi Eranov.
Undan tashqari, tadbirkorlik va boshqa iqtisodiy faoliyatlar sohasida ko‘plab qonunbuzarliklar jinoyat ro‘yxatidan chiqarilib yengilroq toifaga o‘tkazilishi, jazo choralari yengillashtirilishi ham ko‘zda tutilgan.
Ma’lumot uchun, dunyoning boshqa mamlakatlarida ham shunga o‘xshash tartib joriy etilgan. Xususan Rossiyada haydovchilar belgilangan jarimani 2 hafta ichida to‘lagan taqdirda jarima miqdoridan 50% chegirma beriladi.