Buxoro viloyatida bir kunda uchta tuman hokimi o‘zgardi

Avvalroq prezident ish o‘rinlari tashkil etish, tadbirkorlar muammolarini hal qilish va ularni qo‘llab-quvvatlash borasida o‘zibo‘larchilikka yo‘l qo‘yganligi uchun Buxoro va Jondor tuman hokimlarini lavozimidan ozod etish masalasini qo‘ygan edi.
Sputnik

TOShKENT, 3 dek — Sputnik. Xalq deputatlari Buxoro, Jondor va Peshku tumanlari kengashining navbatdan tashqari sessiyasida tashkiliy masala ko‘rildi. Bu haqda Buxoro viloyati matbuot xizmati xabar qildi.

Buxoro tumanidagi sessiyada “G‘ijduvon EIZ” rahbari vazifasida ishlab kelgan Xayrullo Jo‘rayev tuman hokimi etib tasdiqlandi.

Tumanning sobiq hokimi Qahramon Do‘stov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimidan ozod etildi.

Jondordagi sessiyada viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari San’atillo Hikmatov tuman hokimi etib tasdiqlandi.

Tadbirkorlikni rivojlantirishda sustkashlik qilgan tuman hokimlari ishdan bo‘shatiladi

Tumanning sobiq hokimi Kamol Kamolov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimidan ozod etildi.

Peshku tumanidagi sessiyada Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i Vahob Qahhorov tuman hokimi etib tasdiqlandi.

Tumanning sobiq hokimi Amrullo Nazarov viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlanganligi sababli Peshku tumani hokimi vazifasidan ozod etildi.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yilning 24-noyabr kuni o‘tgan videoselektor yig‘ilishida ish o‘rinlari tashkil etish, tadbirkorlar muammolarini hal qilish va ularni qo‘llab-quvvatlash borasida o‘zibo‘larchilikka yo‘l qo‘yganligi uchun Buxoro, Jondor va Sirdaryo tuman hokimlarini lavozimidan ozod etish masalasi qo‘yilgan edi.