Habib Nurmagomedov Toshkentdagi matbuot anjumanida o‘zbekistonlik aralash yakkakurash jangchilarining tayyorlanish darajasiga yuqori baho berdi.
“Sizda erkin kurash, dzudo, kurash maktablari hamisha kuchli bo‘lgan, bugun siz boksda jahon yetakchilarisiz. Bularning barchasi MMA kabi sport turlarining majmuasidir. So‘nggi uch-to‘rt yil ichida bu sport turida sizlarda katta rivojlanishni kuzatayotganim tasodifiy emas. Birdaniga bir necha jangchi professional liga, jumladan, GFCda ishtirok etmoqda. O‘ylaymanki, jangchilaringizda barcha imkoniyat bor va ular katta natijalarga erishishadi”, - dedi Nurmagomedov.
Sportchining so‘zlariga ko‘ra, har bir jangchining shakllanishida uning murabbiyi muhim rol o‘ynaydi. Habibning o‘zi otasi Abdulmanap Nurmagomedov rahbarligi ostida jang sirlarini o‘rgangan va tarbiyalangan. U bugungi kunda O‘zbekistonda unvon va mukofot uchun kurashishga qodir haqiqiy professionallarni tayyorlashga imkon beradigan mustahkam murabbiylik guruhi shakllanganini ta’kidladi.
“Xalqaro yig‘inlar amaliyoti haqida to‘xtalsak, biz faqat mamnun bo‘lamiz. Boshqa shahar va zalga kelish, u yerda ikki-uch hafta mashg‘ulot o‘tkazish, yangi raqiblar bilan uchrashish sportchi uchun juda foydalidir. Bu ma’noda otamning zali yosh jangchilar, ayniqsa, o‘zbekistonliklar uchun hamisha ochiq. Respublikadan bizga ko‘plab kishilar kelishadi. Sizlarni hamisha kutib qolamiz”, - dedi UFC chempioni.
Habib Nurmagomedov matbuot anjuman davomida MMAni Olimpiadaga kiritish uning keyingi ikki yillik asosiy vazifalaridan biri ekanini ma’lum qilgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu yo‘nalishda allaqachon ishlar olib borilmoqda.