Rahbarlar ishga bir marta piyoda kelib ketadi - yangi qonun

O‘zbekistonda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish boshlandi: rahbarlarga haftada bir marotaba avtomobilsiz kelish, maktablarda sport musobaqalari o‘tkazish belgilandi.
Sputnik

TOShKENT,  2 dek - Sputnik. Rahbarlarga ishga kamida bir marotaba avtomobilsiz kelib ketish tavsiya etildi. Bu haqida Vazirlar Mahkamasi tomonidan 19-noyabrda qabul qilingan “Aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Hukumat qarorida aytib o‘tilgan. 

2020 yil 1-dekabrdan barcha davlat organlari va tashkilotlari hamda hokimlar va o‘rinbosarlariga “Shaxsiy namuna” tamoyili asosida haftada kamida bir marta avtomobillardan foydalanmagan holda ishga kelishi va ketish tavsiya etildi, - deyilgan qarorda. 

2021 yildan boshlab 22-sentabr kuni respublika bo‘yicha “Avtomobilsiz kun” sifatida e’lon qilindi. 

Shuningdek, 2021-yil 1-aprelga qadar mahallalar, qishloqlar, tumanlar, shaharlardagi piyoda va velosipedda yurish uchun mo‘ljallangan “Salomatlik yo‘laklari” tashkil etiladi. Mazkur yo‘laklarda avtomobil qo‘yishni taqiqlovchi belgilar va yo‘laklarning boshlanish qismiga maxsus to‘siqlar o‘rnatiladi.

Undan tashqari, respublikadagi maktablar kamida bitta sport turiga ixtisoslashtiriladi va ularda har oyda kamida bitta sport turi bo‘yicha sport musobaqalari o‘tkaziladi.