O‘zbekiston rahbari Nazarboyev va Toqayevni Birinchi prezident kuni bilan qutladi

O‘zbekiston rahbari Nazarboyev va Toqayevni Qozog‘istonning ko‘p millatli xalqini davlat bayrami – Birinchi prezident kuni bilan samimiy qutlab, tinchlik, farovonlik va ravnaq tiladi.
Sputnik

TOShKENT, 1 dek — Sputnik. Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston birinchi prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev hamda mamlakat prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqot qildi.

O‘zbekiston rahbari Nazarboyev va Toqayevni Qozog‘istonning ko‘p millatli xalqini davlat bayrami – Birinchi prezident kuni bilan samimiy qutlab, tinchlik, farovonlik va ravnaq tiladi.

Mirziyoyev va Nazarboyev uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi. Amaliy hamkorlikka oid qo‘shma loyiha va dasturlarni, avvalo, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va gumanitar sohalarda ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.

Elboshining zamonaviy Qozog‘istonni barpo etish va izchil rivojlantirish, mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini oshirishdagi tarixiy roli, shuningdek, Markaziy Osiyo mintaqasida do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shgan katta hissasi alohida qayd etildi.

Mirziyoyev va Toqayev xalqaro kun tartibini, jumladan, shu oyda O‘zbekiston raisligida bo‘lib o‘tadigan MDH sammitiga tayyorgarlik ko‘rish masalalarini ham muhokama qildilar. Hamdo‘stlik va boshqa mintaqaviy hamda global tuzilmalar doirasidagi yaqin muloqotni davom ettirishga tayyor ekanliklarini ta’kidladilar.

Suhbat so‘ngida qardosh mamlakatlar o‘rtasidagi keng ko‘lamli hamkorlikni rivojlantirishga ikki tomonning ham intilishi qat’iy ekani tasdiqlandi.