Habib Nurmagomedov Toshkentda: u o‘zbek sportchilariga yordam berishini aytdi

Rossiyalik aralash yakkakurash ustasi, UFC chempioni Habib Nurmagomedov Toshkentga keldi. Bugun chempion ishtirokida Milliy olimpiya qo‘mitasida matbuot anjumani tashkil etildi.
Sputnik

TOShKENT, 1 dek — Sputnik. Rossiyalik aralash yakkakurash ustasi, UFC bo‘yicha jahon chempioni Habib Nurmagomedov 30-noyabrdan 1-dekabr o‘tar kechasi Toshkentga keldi.

Habib menejeri jangchining oktagonga qaytishiga ishora qildi

Bugun, chempion ishtirokida Milliy olimpiya qo‘mitasida matbuot anjumani tashkil etildi, deb xabar qildi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.

“Birinchi navbatda, barcha o‘zbekistonlik muxlislarga minnatdorlik bildirmoqchiman. Qayerda bo‘lishim qat’iy nazar, Amerika, Arab davlatlari yoki Rossiya bo‘ladimi, hamma joyda muxlislarni uchrataman. Doim ularning qo‘llab-quvvatlovini his etaman", - dedi chempion.

Nurmagomedov o‘z nutqida, respublikada sportga katta e’tibor berilayotgani, sportchilar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani uchun O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirdi.

“MMA ayni vaqtda dunyoda juda ommalashmoqda, o‘zbek jangchilari paydo bo‘lmoqda, ular juda yaxshi harakat qilishmoqda. Menimcha, bu faqat boshlanishi, kelajakda mamlakatingizdan ko‘plab vakillar yetishib chiqadi. Sizlarda kurash, dzudo, boks – dunyoda eng yaxshi bokschilar, bu sport turi juda rivojlangan, bularning barchasi - MMAni tashkil qiladi.

Yigitlarning potensialini, ularga ko‘rsatilayotgan yordamni ko‘rmoqdaman, o‘ylaymanki, ularning kelajagi katta bo‘ladi. Agar mendan biron bir narsa talab qilinsa, men doimo yaqinda bo‘laman, maslahat, yordam beraman. Ollohning o‘zi Sizlarni qo‘llasin”, - dedi sportchi.

Eslatib o‘tamiz, Habib Nurmagomedov o‘tgan yil 23-noyabr kuni O‘zbekistonga tashrif buyurgan va Humo Arena sport majmuasida ilk bor bo‘lib o‘tgan aralash jang san’ati bo‘yicha xalqaro musobaqada faxriy mehmon sifatida qatnashgan edi.

2020 yilning 25-oktabr kuni UFC 254 musobaqasida Habib Nurmagomedov amerikalik jangchi Jastin Getji ustidan g‘alaba qozonib, chempionlik unvonini muvaffaqiyatli himoya qildi. Jangdan so‘ng rossiyalik chempion MMAdagi faoliyatini yakunlashini e’lon qildi.

Sportchi 29 ta jangda o‘tkazib, barchasida g‘alaba qozongan.

Nurmagomedovning Getji ustidan g‘alabasidan so‘ng UFC rahbariyati vazn toifasidan qat’iy nazar jangchilarning yangilangan reytingini taqdim etdi, unda Habib birinchi o‘rinni egalladi.