Energetika vazirligi Qashqadaryoda ommaviy nobud bo‘lgan parrandalar hodisasini o‘rgandi

Avvalroq internetda Yakkabog‘ tumanida chiroq o‘chgani sabab 5200 dona parranda nobud bo‘lgani haqidagi xabar tarqalgan edi.
Sputnik

TOShKENT, 30 noya — Sputnik. Energetika vazirligi Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanidagi parrandachilik fabrikasida sodir bo‘lgan hodisa sabablarini tahlil qildi.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda tumanida 3 kun chiroq o‘chganligi sababli tadbirkorning 5 ming donadan ziyod parranda nobud bo‘lgani haqidagi xabarlar tarqalgan edi.

Aniqlanishicha, “Kumush kuz fayzi” parrandachilik fabrikasi elektrdan faqat binolarni shamollatish uchun foydaladi. Elektr energiyasini yetkazib berish bo‘yicha Yakkabog‘ tuman hududiy elektr ta’minoti korxonasi bilan 2020-yil 4-yanvarda tegishli shartnoma tuzilgan. Unga ko‘ra, elektr ta’minotida uzilish kuzatilgan hollarda sexning shamollatish tizimi dizel-generatori tomonidan amalga oshirilishi belgilangan.

“Biroq, joriy yilning 19-noyabr kuni generatorning dizel (yozgi) yoqilg‘isi muzlab qolgani, ya’ni ushbu xo‘jalik yurituvchi subyekt kuz-qish davriga mos ravishda tayyorgarlik ko‘rmaganligi tufayli bu shart bajarilmagan. Natijada, shu kuni soat 14:00 dan 14:30 gacha va soat 17:50 dan 20:10 gacha elektr ta’minotida qisqa muddatli uzilish davrlarida generator havo haroratining pasayishiga tayyor emasligi tufayli ishga tushirilmagan”, - deyilgan xabarda.

“Ammo bunda o‘zimizning ham kamchiligimiz bo‘lgan. Generatorimiz yonilg‘isi sifatsiz bo‘lgani sabab muzlagan va yonmagan. Oqibatda parrandalar saqlanadigan binodagi havoni tortib turadigan uskunamiz ishlamay qolgan. Tovuqlarning o‘zidan chiqadigan ammiak gazi toza havoga chiqarilmagani bois parrandalarimiz nobud bo‘lgan. Ammo 400 mingdan ortiq tovuqlarimiz bor. Umid qilamizki, bu zararni qoplaymiz”, - deya izoh bergan “Kumush kuz fayzi” MChJ rahbari Abdunabi G‘iyosov.  

Shu bilan birga, tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, u bunga qiziqqan har bir kishiga ushbu holatlar haqida tushuntirib bergan va tovuqlarning halokatidan ko‘rilgan zarar elektr ta’minoti korxonasiga tegishli deyilgan ma’lumotlar yuzaga kelganidan hayratda qolgan.

“Xo‘jalik yurituvchi subyekt va elektr ta’minoti korxonasi o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar uchun barcha shart-sharoitlar ikki tomon imzolagan shartnoma shartlari bilan ta’minlanganligini qo‘shimcha qilamiz. Shu munosabat bilan har bir hodisa holatlarini ko‘rib chiqish zarur va agar berilgan texnik shartlar bajarilgan bo‘lsa va hududiy elektr ta’minoti korxonasi tomonidan qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa, unda ular zararning tegishli miqdorini qoplaydi. Shu bilan birga, tadbirkor shartnomada nazarda tutilgan shartlarni, shu jumladan yuqorida aytib o‘tilganlarni ham bajarishi shart”, - deya qo‘shimcha qilgan vazirlik.

Energetika vazirligi har qanday hodisalarni noprofessional talqin qilish qonun hujjatlarida nazarda tutilgan javobgarlik to‘g‘risidagi yolg‘on ma’lumotlarning tarqatishga olib kelishini eslatgan.