TOShKENT, 29 noya — Sputnik. Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Iqtisodiyot fakulteti 3-bosqich talabasi Dostonbek Rustamov Nursulton shahrida o‘tkazilgan “MDHning eng yaxshi talabasi-2020” xalqaro tanlovida faxrli I o‘rinni egalladi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.
Tanlovda 14 mamlakat vakillari “Raqamli iqtisodiyot va innovatsiyalarni boshqarish” yo‘nalishi bo‘yicha ishtirok etdi.
Ushbu loyihaning asosiy maqsadi MDH davlatlarining oliy ta’lim muassasalari talabalarini qo‘llab-quvvatlash, ilm-fan, texnika rivojlanishiga hissa qo‘shayotgan yoshlarni aniqlab, ularni munosib rag‘batlantirish hisoblanadi.
Tanlov natijalariga ko‘ra, Dostonbek Rustamovning ilmiy ishlari, qo‘lga kiritgan yutuqlari va tanlov davomidagi saralash jarayonlari hisobga olingan holda I o‘ringa munosib deb topildi.
U “MDHning eng yaxshi talabasi-2020” yozuvi tushirilgan ko‘krak nishoni va I darajali diplom bilan taqdirlandi.