TOShKENT, 27 noya — Sputnik. Kuni kecha Buenos-Ayresda 60 yoshida odamdan ko‘z yumgan jahon futboli afsonasi Diyego Maradonaning dafn marosimi bo‘lib o‘tdi. Chet el ommaviy axborot vositalari ushbu jarayon tartibsizliklar va politsiyachilar bilan to‘qnashuv bilan yakun topgani haqida xabar berishdi.
Politsiya va Diyego Maradonaning muxlislari o‘rtasidagi to‘qnashuv Buenos Ayresdagi prezident saroyidan boshlangan - sababi aynan bu yerda futbolchi bilan vidolashishni istagan odamlar to‘planishgan edi.
Associated Pressning xabar berishicha, odamlar bir-birlarini turtkilashgan, hamda bir joyga katta guruh bo‘lib to‘planib, saroy ichiga kirib borishga urinishgan. Natijada, ushbu holatga huquqni muhofaza qilish organlari vakillari aralashishga majbur bo‘lganlar.
Prezident saroyida vidolashuv marosimi nihoyasiga yetgach, politsiya olomonni tarqata boshlagan - bundan fanatlarning azbaroyi jahli chiqqan. Xabarda aytilishicha, futbolchi muxlislari politsiyachilarga qarata tosh va boshqa predmetlarni uloqtira boshlaganlar.
Huquq-tartibot posbonlari, o‘z navbatida yelim o‘qlar bilan odamlarga qarata o‘t ochganlar, shuningdek, muxlislarga nisbatan ko‘z yosh keltiruvchi gaz va vodometlar ham qo‘llanilgan. Zo‘ravonlik holatlari jarohatlarga va hibsga olib kelgan. Infobae ma’lumotlariga ko‘ra, to‘qqiz kishi qo‘lga olingan.
Vidolashuv marosimida qatnasha olmasliklariga ko‘zi yetgan fanatlar, prezident saroyi devoriga tirmashib chiqa boshlaganlar, xuddi futbol stadionidagi kabi.
Bu orada Argentina ichki ishlar vaziri Vado de Pedro dafn marosimidagi to‘qnashuvlar uchun Buenos-Ayres hukumati javobgarligini tan olgan. U ularni zo‘ravonlikni to‘xtatishga chaqirgan.
"Biz Orasio Laretta (mer) va Diyego Santilyani (vitse-mer) shahar politsiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan ushbu telbalikni to‘xtatishga chaqiramiz", - deya bayonot qilgan u.
Bundan tashqari, dafn marosimidagi tartibsizliklar davomida Russia Today muxbiri va operatori ham jabr chekishgani aytilmoqda. Jurnalistlar voqea joyidan onlayn-efir olib borishayotgan bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, afsonaviy futbolchi 60 yoshida vafot etdi. Diyego Maradonani so‘nggi marta 30-oktabrda omma orasida ko‘rishgan. U Argentina chempionatining 1-turi "Ximnasiya va Esgrima" va "Patronato" (3:0) o‘rtasida kechgan, o‘zining 60-yilligiga bag‘ishlangan uchrashuvida ko‘rinish bergan.
Uchrashuv oldidan Maradonaga esdalik taxtachasi topshirilgan. Diyego matchni oxirigacha tomosha qilmagan, o‘zini yomon his qilayotganini aytib, ketgan. Maradonaning sog‘ayishi alkogolizm va narkomaniya oqibatlari tufayli qiyinlashgan edi.