O‘zbekiston nega Finlandiya ta’lim modelini tanladi va uni qanday o‘rganmoqchi

Fin ta’lim tizimi nimasi bilan ahamiyatli? O‘zbekiston uni qanday qilib tatbiq etishni rejalashtirgan? Ushbu mavzuda xalqaro onlayn muloqot xulosalari.
Sputnik

TOShKENT, 26 noya – Sputnik. Kecha 25-noyabr kuni “Finlyandiyaning ta’lim tajribasini o‘rganish va uni O‘zbekistonda keng joriy etish” bo‘yicha onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda Xalq so‘zi.

Xalqaro onlayn uchrashuvda, O‘zbekistondan: bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev, Ta’lim inspeksiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Tashkenbayev, Tashqi ishlar vazirligi, Maktabgacha ta’lim, Xalq ta’limi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari mutasaddilari ishtirok etishdi.

Dunyodagi eng yaxshi ta’lim tizimi qanaqa?

Finlandiya tomonidan esa: Finlandiyaning O‘zbekistondagi favqullotda va muxtor elchisi Liivala Marja xonim, Tashqi ishlar vazirligi ta’lim bo‘yicha elchisi Sall Marana xonim, Ta’lim vazirligi va Milliy ta’lim agentligi mutasaddilari qatnashdi.

Xalqaro onlayn uchrashuvda, bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev O‘zbekistonda ta’lim tizimini isloh qilishda Finlyandiyadek bilan yaqindan hamkorlik qilish muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

O‘z navbatida, Finlyandiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Marja Liivala xonim uchrashuv tashkilotchilarga minnatdorchilik bildirib, bu kabi tadbirlar Finlyandiya uchun ulkan g‘urur baxsh etishini va ushbu hamkorlik ikki tomon uchun ham manfaatli ekanligini ta’kidladi.

— Finlyandiya ta’lim sohasi uchun juda katta mablag‘ ajratdi, — dedi u, jumladan. — Bu jarayonda yuqori malakali o‘qituvchilar muhim ahamiyat kasb etdi. O‘qituvchilik Finlyandiya jamiyatida nufuzli kasblardan biri sanaladi. Yoshlarning juda ko‘pchiligi ushbu kasbni egallashga intiladi. Ta’lim tikilgan mablag‘lar mamlakatni noqulay iqlimiga qaramasdan, nochor davlatdan bilimga asoslangan iqtisodiyotga ega, yashash darajasi yuqori bo‘lgan mamlakatlardan biriga aylantirdi. O‘zbekistonda ham o‘sib kelayotgan yosh avlod ijobiy o‘zgarishlar va cheksiz cheksiz imkoniyatlarni namoyish qilmoqda.

Shuningdek, Liivala xonim kelajakdagi Finlyandiya tomoni ta’lim tizimini takomillashtirishda o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashishga hamda tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha ekspertlar ajratishga tayyorligini ham bildirdi.

Finlandiya ta’lim tizimini nimasi bilan ahamiyatli?

Ta’lim sifatini baholash bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro tadqiqotlarda Finlandiya ta’lim tizimi har tomonlama eng yetuk deb tan olingan. Fin o‘quvchilari ham ta’lim sifati bo‘yicha eng yaxshi natijalarga erishib kelmoqda.

Finlyandiyaning asosiy ta’lim to‘g‘risidagi qonunida (1998 yil) Finlyandiya ta’limining uchta asosiy maqsadi belgilab berilgan:

  1. O‘quvchilarga hayotda zarur bo‘lgan bilim va ko‘nikmalarni berish;
  2. Jamiyatda rivojlanish va tenglikni targ‘ib qilish hamda;
  3. Butun mamlakat bo‘ylab ta’lim sohasida tenglikni ta’minlash.

Maktablarda haftasiga 5 kunlik o‘qish joriy etilgan. Barcha maktablar bir xil mavqega ega, bolalar qobiliyatiga ko‘ra turli sinf yoki ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalariga ajratib o‘qitilmaydi.

Fin maktablarida boshlang‘ich ta’lim 6-yil davom etadi va 3-sinfgacha bolalarga baho qo‘yilmaydi, o‘qituvchilar tomonidan uyga vazifa deyarli berilmaydi, 2017-yildan aksariyat maktablar dars vaqtida «ruchkadan voz kechishgan” va dars jarayonida to‘liq kompyuter va planshetlardan foydalaniladi.

O‘zbekiston fin tajribasini qanday o‘rganadi?

Xalqaro uchrashuvda qayd etilishiga ko‘ra, O‘zbekistonda fin ta’lim tajribasini tatbiq etishi bo‘yicha quyidagi ishlar rejalashtirilgan. 

  1. Yo‘l xaritasi. Tashqi ishlar vazirligi bilan hamkorlikda «Yo‘l xaritasi” loyihasi ishlab chiqiladi.
  2. Onlayn uchrashuvlar. Finlyandiyalik mutaxassislar bilan muntazam onlayn uchrashuvlar va seminarlar o‘tkazib kelinmoqda.  Xususan, 18-20 noyabr kunlari Ta’lim inspeksiyasi tomonidan Xelsinki universiteti pedagogika fanlari fakulteti professori, Ta’lim sifatini baholash markazi direktori janob Risto Xotulaynen bilan uchrashuv o‘tkazilgan edi.
  3. Ishchi guruh. Idoralararo “ishchi guruh” tuziladi. Ta’lim inspeksiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Tashkenbayev bu borada shunday dedi: — Finlyandiya tajribasini o‘rganish bo‘yicha o‘zbek tomonining idoralararo ishchi guruhi shakllantiriladi va aniq vazifalari belgilandi. Ishchi guruh tarkibiga: Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Tashqi ishlar vazirligi, Maktabgacha ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi vakillari jalb qilinadi.
  4. Ekspertlar guruhi. 2020-yil dekabr – 2021-yil fevral oylarida fin mutaxassislari va Finlyandiyadagi faol vatandoshlarimizdan iborat ekspert guruhini tashkil etiladi. Ekspert guruhi a’zolarining O‘zbekiston ta’lim tizimi boshqaruv organlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorligi yo‘lga qo‘yiladi.
  5. Fin ekspertlarini olib kelish. Xorijiy ekspertlarni O‘zbekistonga tashrifini amalga oshirish. Finlyandiya tomoni bilan kelishgan holda 2 ta fin mutaxassislarini O‘zbekistonga konsultant sifatida doimiy faoliyatga jalb qilish ko‘zda tutilgan.

Uchrashuv yakunida Finlyandiya ta’lim tajribasini o‘rganish va uni O‘zbekistonda joriy etish bo‘yicha ishlab chiqilgan yo‘l xaritasini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishga kelishib olindi.

Eslatib o‘tamiz, 30-oktabr kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida maktab ta’limi bo‘yicha ilg‘or davlatlar tajribasini o‘rganish, xususan Finlyandiya ta’lim tizimining o‘ziga xos xususiyatlari va muvaffaqiyatlarini o‘rganish, o‘quvchilarni fikrlashga chorlaydigan metodika yaratish bo‘yicha vazifalar belgilab berilgan edi.