TOShKENT, 26 noya - Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev 25-noyabr kuni Neft-gaz kimosi sohasidagi istiqbolli loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.
Ushbu loyihalarda neft va gazni chuqur qayta ishlash, ulardan import o‘rnini bosuvchi va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarish aytib o‘tildi.
"Loyihalar samarasida 4,1 milliard dollar qiymatidagi mahsulotlar ishlab chiqarilib, 1,1 milliard dollarlik import o‘rni to‘ldirilishi va 1,45 milliard dollarlik eksport ta’minlanishi mumkin. Jami 6 ming 500 ga yaqin ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan", - deyilgan xabarda.
Tabiiy gazni chuqur qayta ishlash bo‘yicha qariyb 9 milliard dollarlik 52 ta loyiha belgilangan. Shundan 15 tasi noorganik kimyo, 23 tasi organik kimyo, 12 tasi polimerlar bo‘yicha. Yana bir loyihaga ko‘ra, yangi turdagi polimer mahsulotlar bo‘yicha ilmiy tadqiqot va tajribalar o‘tkazib, loyihalarni bevosita ishlab chiqarishga joriy etadigan hamda yetuk mutaxassislar tayyorlaydigan innovatsion markaz tashkil qilinadi.
Ko‘pikli polipropilen, yog‘och-polimerli kompozit list, vodorod peroksidi, karboksimetilsellyuloza asosida reagentlar, karbamid formaldegid konsentrati, sulfat kislota, karbonat angidrid gazidan soda ishlab chiqarish kabi istiqbolli loyihalar kelgusi yili ishga tushiriladi. Polivinilxlorid, kaustik soda va metanol zavodining 2-bosqichi hamda kompressorni yuvuvchi sanoat moyi korxonasi bo‘yicha ishlar boshlanadi.
Prezident ushbu loyihalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish uchun xorijiy hamkorlar va investorlar bilan ishlarni jadallashtirish, xom-ashyo bazasini mustahkamlash vazifasini qo‘ydi. Shuningdek 2021 yilda gaz-kimyo sohasini rivojlantirishning yangi yo‘nalishlarini belgilash bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.