Toshkentdagi 24ta chorrahada harakat optimallashtiriladi

Poytaxtdagi 24 ta yirik chorrahaning harakatlanish tartibini optimallashtirish natijasida tirbandlikni 64 % kamaytirish mumkin.
Sputnik

TOShKENT, 24 noya - Sputnik. Prezident huzurida 23-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisda Toshkent shahrida yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirishga oid konsepsiya muhokama qilindi.

Tirbandlik, avtoturargoh va yo‘l chiziqlari: IIV yangi qaror tayyorladi

Ma’lum bo‘lishicha Toshkent shahrida so‘nggi yillarda aholi ham, transport vositalari ham ko‘payib bormoqda. Oxirgi 10-yilda shaharda avtomobillar soni 2 baravar oshib 250 mingtadan 510 mingtaga yetgan. 

Shunga mos ravishda transport infratuzilmasi ham rivojlantirilmoqda. Yangi yo‘llar, ko‘priklar, yerusti metrosi qurilmoqda.

Aholi va transport soni oshishi shahar ko‘chalarida yuklama ham oshib tirbandliklar sonini ko‘paytirishi ham tabiiy hol. Ushbu sohadagi vaziyat geoinformatsion tizim orqali kompleks tadqiq qilinganda, quyidagi muammolar aniqlangan: 

  • Toshkent shahrida 500 dan ziyod katta chorrahalar mavjud bo‘lib, ularning 200 tasida transport vositalarini tezkor o‘tkazish darajasi past;
  • Avtomobil to‘xtash joylari yetishmasligi sababli yo‘lning birinchi qatorida mashinalar yig‘ilib, qatnovga xalaqit bermoqda;
  • Haydovchilar uchun ma’lumot belgilari ham yetishmaydi;
  • Piyodalar va velosipedlar harakati uchun qulaylik kam.

Shu kabi kompleks tahlillar asosida Toshkent shahrida yo‘l infratuzilmasi va jamoat transporti tizimini takomillashtirish bo‘yicha bosh rejaning dastlabki loyihasi ishlab chiqildi.

Xususan, poytaxtdagi 24 ta yirik chorrahaning harakatlanish tartibini optimallashtirish, bu orqali o‘rtacha to‘xtashlar sonini 71 % va vaqtini 48 %, tirbandlikni 64 %, yoqilg‘i sarfini 34 % kamaytirish mumkinligi hisob-kitob qilingan.

Undan tashqari markaziy ko‘chalarda avtomobillar parkovkasini tartibga solish uchun pullik to‘xtash joylari va parkomatlar o‘rnatilishi ham qayd etildi.