Milliy gvardiya “Eski juva” bozoridagi janjal yuzasidan izoh berdi

O‘tkazilgan surishtiruv ishlari natijasida ushbu fuqaro Toshkent shahar Olmazor tumanida yashovchi U.Ibragimov ekanligi aniqlangan. Hozirda holat yuzasidan surishtiruv ishlari davom etmoqda.
Sputnik

TOShKENT, 24 noya — Sputnik. 22-noyabr kuni Shayxontohur tumanidagi “Eski juva” dehkon bozori hududida jamoat tartibini saqlash yuzasidan xizmatga jalb qilingan Milliy gvardiya harbiy xizmatchilariga bozorga xaridor sifatida kelgan fuqaro murojat qilib, ushbu bozor hududida pirotexnika vositasi sotib olish uchun sotuvchiga 260 ming so‘m pul berganligini, lekin sotuvchi kelishilgan mahsulotlarni bermasdan, qochib ketganligi haqida shikoyat qilgan.

Bu holatni kuzatib turgan bir guruh shaxslar murojaat etgan fuqaroga nisbatan shu joyning o‘zida hakoratli so‘zlar ishlatib, o‘zlarining bu kabi xatti-harakatlari bilan pirotexnika vositasi sotuvchisi tarafdorlari ekanligini ayon qilishgan.

Vaziyatni yengillashtirish uchun Milliy gvardiya xodimlari tomonidan jabrlanuvchi fuqaroni bozor hududidan olib chiqib, holatga oydinlik kiritish maqsadida IIO tayanch punkti mas’ul xodimiga topshirilgan.

Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari bozor hududida janjal ko‘targan bir guruh fuqarolarni tartibga chaqirishga harakat qilganlar. Jamoat tartibi qoidalariga rioya qilmagan ushbu fuqarolardan biri Milliy gvardiya harbiy xizmatchilarining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, haqoratli so‘zlarini davom qildirib, atrofdagilar diqqatini o‘ziga jalb qilgan holda xizmat majburiyatini bajarayotgan harbiy xizmatchilardan biriga qo‘l ko‘targan.

Shu bois Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari ushbu fuqaroga nisbatan kuch ishlatishga majbur bo‘lib, o‘rnatilgan tartibda IIO tayanch punktiga olib borib topshirganlar.
O‘tkazilgan surishtiruv ishlari natijasida ushbu fuqaro Toshkent shahar Olmazor tumanida yashovchi U.Ibragimov ekanligi aniqlangan. Hozirda holat yuzasidan surishtiruv ishlari davom etmoqda.