Koronavirus sovuqda o‘zini qanday tutadi - shifokor javobi

Havo harorati past bo‘lsa, virus uyquga ketadi, lekin o‘lmaydi. Issiq organizmga tushishi bilan hayot faoliyatini davom ettiradi.
Sputnik

TOShKENT, 24 noya - Sputnik. Qish yaqin, qor, havo harorati minus darajaga tushmoqda. Bunday havoda koronavirus tarqalishi kuchayadimi? - degan savolga Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Sevara Ubaydullayeva javob berdi

- Havoga ajralgan virus yozgi kunda 3 soat turishi tasdiqlangan bo‘lsa, bugungi sovuq kunlarda u ko‘proq, ya’ni 5-6 soatgacha saqlanadi. 

Havo harorati past bo‘lsa, virus uyquga ketadi, lekin o‘lmaydi. Issiq organizmga tushishi bilan hayot faoliyatini davom ettiradi.  

Koronavirus havo haroratining o‘ta yuqori bo‘lishida, ya’ni 70 darajadan yuqori haroratda suvda qaynatilsa, 5-15 daqiqada nobud bo‘lishi kuzatilgan.

Koronavirus havo tomchi, fekal-oral va kontakt yo‘llari bilan yuqadi. Demak, issiqroq kunlarga nisbatan sovuq kunlarda bunday muhitda virus saqlanishi uzoqroq bo‘ladi. Bu esa inson organizmiga tushishi imkoniyatini kuchaytiradi.

Koronavirus sovuqda avj oladimi - SSV javobi

Bundan kelib chiqadiki, agarda Siz odam gavjum joylarga borsangiz va u yerda niqob, qo‘lqop kabi himoya vositalaridan foydalanmasangiz, masofa saqlanmasa hamda qo‘llargatez-tez ishlov berilmasa, koronavirus organizmga tushishi aniq va ayniqsa odamlar ko‘p joylarda kasallanish juda ham yuqori bo‘ladi.

Masofani saqlang, doimiy ravishda qo‘llarni sovunlab yuving yoki antiseptiklar bilan ishlov bering. Uyga qaytganda esa, tashqarida kiyilgan ustki kiyimlarni daxlizda qoldiring, uyda birinchi qo‘llarni uzoq muddat sovunlab yuving, yuzni, ko‘zlarni, tomoqlarni va burunlarni issiqroq suvda kamida 3-marta chayib tashlang.

Shu tariqa uyingizga virusni olib kirishdan saqlanasiz,- deydi shifokor.