TOShKENT, 23 noya - Sputnik. Bundan buyon Rossiyada patent olish uchun kerak bo‘ladigan "Rus tili va Rossiya qonunchiligi asoslari" bo‘yicha imtihonni O‘zbekistonda topshirish mumkin bo‘ladi, deb xabar qilmoqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi.
"Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tizimidagi respublikaning barcha hududlarida joylashgan o‘quv markazlarida rus tiliga o‘qitish bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etilgan. Siz ushbu kurslarda o‘qish davomida rus tilini o‘rganish bilan birga, Rossiyada patent olish uchun kerak bo‘lgan maxsus sertifikatni qo‘lga kiritishingiz mumkin", - deyilgan agentlik xabarida.
Eslatib o‘tamiz, 20-23 noyabr kunlari O‘zbekistonga Moskva Migratsiya markazi rahbariyati delegatsiyasi tashrif burgan edi. Ular Toshkentdagi "Ishga marhamat" monomarkaziga tashrif buyurib, O‘zbekiston Mehnat vazirligi vakillari bilan mehnat migratsiyasi borasida muzokaralar o‘tkazishgan edi.