TOShKENT, 23 noya — Sputnik. Xorazmda ayol kishini yechintirib, videoga olganlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, deb xabar qildi viloyat IIB axborot xizmati.
Xabarda aytilishicha, 22-noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Xorazm shevasida so‘zlayotgan bir guruh ayollar tomonidan boshqa bir ayol kishini qizlik iffati yo‘qligini ro‘kach qilib yechintirib uyali telefoni orqali olgan videotasvir tarqaldi.
Ushbu videolavhadagi holat qachon, qayerda sodir bo‘lganligi va jarayon ishtirokchilarining shaxsiga aniqlik kiritish maqsadida Xorazm viloyati IIB mas’ul xodimlari tomonidan tergovoldi tekshiruv harakatlari olib borildi.
Olib borilgan surushtiruv jarayonida mazkur holat joriy yil 7-oktabr kuni Urganch shahrida sodir bo‘lganligi ma’lum bo‘ldi.
Jarayon ishtirokchilarining shaxsi to‘liq aniqlangan bo‘lib, tergov manfaatlari va jabrlanuvchining shaxsiy hayot daxlsizligini ta’minlash maqsadida ishtirokchilarning ism-shariflari oshkor etilmaydi.
Mazkur holat yuzasidan ichki ishlar organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.