Moskva Migratsiya markazi rahbariyati Toshkentdagi "Ishga marhamat" markazi bilan tanishdi

Moskva "Migratsiya markazi" rahbariyati bilan mehnat migratsiyasiga bog‘liq bir qator hujjatlarni O‘zbekistonda rasmiylashtirish masalasi muhokama qilinmoqda.
Sputnik

TOShKENT, 22 noya - Sputnik. O‘zbekistonda rasmiy tashrif bilan kelgan Moskva Migratsiya markazi rahbariyati Toshkentdagi "Ishga marhamat" monomarkazi faoliyati bilan tanishdi, deb xabar qilmoqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi.

Rossiya "Migratsiya markazi" rahbari O‘zbekistonga tashrif buyurdi

Moskva Migratsiya markazi davlat budjet tashkiloti bosh direktori Sergey Baldin, direktor o‘rinbosarlari Oleg Nujdin va Irina Yermilovalar O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi mas’ul xodimlari bilan birgalikda Toshkent shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazi faoliyati bilan tanishdi.

Tashrif doirasida “Migratsiya markazi” davlat budjet tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasini ochish va u yerda quyidagi faoliyat bilan shug‘ullanishi bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi:

  • Fuqarolarning ushbu davlatga kirib borishida taqiq bor-yo‘qligini tekshirish;
  • Patent olish uchun hujjatlarni rasmiylashtirishda ko‘maklashish;
  • Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi ishlovchi va ish beruvchilar orasida operator vazifasini bajaradi;

“Migratsiya markazi” rahbariyati tashrifi 23-noyabr kunigacha davom etadi. Muzokaralar yakuniy natijasi bo‘yicha batafsil xabar beriladi.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev 15-sentabrda imzolangan “Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarorida, 2020-yil yakuniga qadar O‘zbekistonda Rossiyaning migratsiya markazlarini tashkil etish hamda mehnat patentini ushbu markazlarda rasmiylashtirish xizmatini yo‘lga qo‘yish buyicha vazifalar belgilangan edi.