O‘zbekistonda "iste’mol savati"ning loyihasi ishlab chiqilmoqda

Federatsiya keng jamoatchilikdan milliy "iste’mol savatchasi" loyihasi ishlab chiqishda faol ishtirok etishni so‘ramoqda.
Sputnik

TOShKENT, 19 noya - Sputnik. O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tomonidan "iste’mol savati"ning loyihasi ishlab chiqilmoqda, deb xabar berdi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.

Iste’mol savatchasi tarkibini aniqlash uchun bir necha yil kerak – vazir

"O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tomonidan keng jamoatchilik fikriga tayanib, respublikamizning milliy "iste’mol savatchasi" loyihasi ishlab chiqilmoqda. Mazkur tashabbus jamoatchilik tashkiloti sifatida Federatsiyaning respublikamizda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlarga o‘zining munosabati sifatida gavdalanadi", - deyilgan federatsiya xabarida.

Federatsiya keng jamoatchilikdan milliy "iste’mol savatchasi" loyihasi ishlab chiqishda faol ishtirok etishni so‘rab qoladi.

Quyida keltirilgan elektron manzili orqali so‘rovnomada ishtirok etib, milliy "iste’mol savatchasi" loyihasi ishlab chiqilishiga hissa qo‘shish mumkin.

"Iste’mol savatchasi" – insonning normal hayot kechirishi uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqat va nooziq-ovqat tovarlar hamda xizmatlarning eng minimumini o‘z ichiga oluvchi kategoriyadir. Ya’ni ma’lum bir davlat tomonidan o‘z fuqarolarining normal yashashi uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlar hamda xizmatlarning eng kam miqdorini belgilashidir.

O‘zbekistonliklar iste’mol savatiga qanday oziq-ovqat mahsulotlari kiradi

Soddaroq aytganda, "iste’mol savati"ga kiritilgan tovar va xizmatlar yashash uchun zarur bo‘lgan eng muhim ehtiyojlarni qondirishga yetishi kerak. Aksariyat taraqqiy etgan mamlakatlarda aholiga beriladigan ijtimoiy nafaqalar aynan "iste’mol savatchasi"ga, unda qayd etilgan ko‘rsatkichlarga ko‘ra belgilanadi.

Shuningdek, ayni bir davlat tomonidan ishlab chiqilgan "iste’mol savatchasi" boshqa bir mamlakat uchun to‘liq andoza bo‘la olmaydi. Uni ishlab chiqishda mamlakatning iqlim sharoiti, aholi ehtiyoji, shuningdek mahalliy aholining an’ana va odatlari ham alohida rol o‘ynaydi. Bugungi kunda "iste’mol savatchasi"ning yagona maqbul varianti mavjud emas, deyiladi federatsiya bayonotida.

Misol uchun AQShdagi iste’mol savatiga 300 ta, Buyuk Britaniyada 350, Germaniyada 470 mahsulot va xizmat kiritilgan.

Bu mahsulotlarning oziq-ovqat turiga kiradiganlarining asosiylari non va un mahsulotlari, sut va sut mahsulotlari, yog‘, go‘sht, tuxum, poliz mahsulotlari, meva-chevalar va boshqalarni tashkil etadi.

Nooziq-ovqat mashulotlariga ko‘ylak, kostum, poyafzal, bosh kiyim, paypoq, ichki kiyim turlari, sanitariya va gigiyena mahsulotlari, maktab va ta’lim olish uchun zarur tovarlar kiritiladi.

Sovuq mamlakat uchun qishda issiqlik ta’minoti iste’mol savatidagi eng muhim xizmat hisoblansa, Afrikaning ayrim mamlakatlari uchun bu xizmatning umuman keragi yo‘q.