TOShKENT, 19 noya — Sputnik. Rossiya mehnat migrantlari kasaba uyushmasi raisi Renat Karimov Moskvadagi mehnat muhojirlari yetishmovchiligi masalasiga ularning oylik maoshini ikki barobar oshirish orqali yechim topish mumkinligi haqida bayonot bilan chiqdi, deb xabar qilmoqda Jamoatchilik xizmati xabarlari.
Moskvada birinchi qor yog‘ishi bilan, shaharda kommunal xizmatlar faoliyatidagi kamchiliklar ko‘zga tashlanib qoldi.
Karimovning so‘zlariga ko‘ra, bu qisman Moskva JKX tuzilmasida mehnat qilgan aksariyat migrantlarning koronavirus pandemiyasi tufayli ketganligi bilan bog‘liq. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, mehnat muhojirlari soni 40%ga kamaygan.
Mehnat muhojirlari kasaba uyushmasi rahbarining ta’kidiga ko‘ra, so‘nggi oylarda qo‘shni mamlakatlardagi ishchilarga bo‘lgan talab anchayin oshgan. Agar dvorniklarga ikki karra ko‘p maosh berilsa, ular ikki karra ko‘p ishlarni bajaradi, deb qo‘shimcha qilgan u.
"Dvorniklar ham odam. Ular uzoq muddat maoshsiz o‘tirishdi. Bir nechta boshqaruvchi kompaniyalar bizga ishchilarni berish iltimosi bilan chiqqan edilar. Ammo bizda ham bo‘sh o‘tirgan kadrlar yo‘q", - degan Karimov.
U shuningdek, dvorniklar ish og‘irligi uchun bo‘shab ketishmaganini ham eslatdi.
"Ular uylariga ketmoqda. Yangi ishchilar esa kelmayapti. Ketganlar ketayapti, kelishga esa ruxsat yo‘q. Mana muammo qayerda", - degan kasaba uyushmasi rahbari.
RF bosh vazir o‘rinbosari Marat Xusnullinga ko‘ra, ko‘pchilik hukumatga migrantlar uchun Rossiyaga yo‘lni ochishni so‘rab, murojaat qilishmoqda.
Ammo Rossiya hukumati koronavirus bilan bog‘liq vaziyat stabillashmay turib, tavakkalchilikka yo‘l qo‘ymaslikka qaror qilgan.