"Deputatlarga yoqmadi": Samarqand SSB boshlig‘i o‘rinbosari ishdan olindi

Xususan, u tizim rahbari sifatida qaysi eng og‘ir hududga borib ahvolni tahlil qilgani, zarur amaliy yordam ko‘rsatgani to‘g‘risida aniq misol aytib berolmadi. Shuningdek, hisobot bo‘yicha aniq statistik ma’lumotlar bo‘lmagan
Sputnik

TOShKENT, 19 noya - Sputnik. Kuni kecha o‘tkazilgan xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining o‘n yettinchi sessiyasida viloyat SSB boshlig‘i o‘rinbosari lavozimiga noloyiq deb topildi, deb xabar bermoqda "Zarafshon" nashri.

Yaqinda amaldorlar lavozimiga qarab mashina minadigan bo‘ladi - moliya vaziri

Xabarda aytilishicha, viloyatda onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, sog‘lom bola tug‘ilishini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarning ahvoli muhokama qilingan.

Ushbu masalada so‘zga chiqqan viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Sayfiddin Mo‘minovning hisoboti deputatlarni qoniqtirmagan.

Xususan, u tizim rahbari sifatida qaysi eng og‘ir hududga borib ahvolni tahlil qilgani, zarur amaliy yordam ko‘rsatgani to‘g‘risida aniq misol aytib berolmadi. Shuningdek, hisobot bo‘yicha aniq statistik ma’lumotlar yo‘q.

Sessiyaga yetarli darajada tayyorgarlik ko‘rmagani, lavozim majburiyatlariga sovuqqon munosabati uchun Mo‘minovni egallab turgan lavozimidan ozod qilish taklifi berilgan.

Navbatdagi sessiyada viloyatda onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, sog‘lom bola tug‘ilishini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarning ahvoli to‘g‘risida sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Jumaniyozovning hisobotini eshitish belgilangan.