Surxondaryoda "samosud": murabbiyni himoyalab, to‘qqiztasi 3 kishini do‘pposladi

Tergov jarayonida aniqlanishicha, 3-noyabr kuni sport maktabi direktori 31 yoshli Bekzod va 25 yoshli Jaxongirlar o‘rtasida kelib chiqqan janjal natijasida, maktab direktoriga tan jarohati yetkazilgan.
Sputnik

TOShKENT, 17 noya - Sputnik. Internet tarmoqlarida "Surxondaryoda bir guruh sport maktabi tarbiyalanuvchilari samosud uyushtirib, katta janjal keltirib chiqardi" nomi ostida video tarqalgan edi.

Farg‘onada jamoat joyida “samosud” uyushtirgan ikki qiz 10 kunga qamaldi

Tergov jarayonida aniqlanishicha, 3-noyabr kuni sport maktabi direktori 31 yoshli Bekzod va 25 yoshli Jaxongirlar o‘rtasida kelib chiqqan janjal natijasida, maktab direktoriga tan jarohati yetkazilgan.

Ertasi kuni Sho‘rchi tumanida yashovchi 37 yoshli Shuxrat E., o‘zining murabbiyi bo‘lgan sport maktab direktori Bekzodga yetkazilgan tan jarohati uchun o‘ch olish maqsadida, tanishlari Abduvosit (28 yosh), Jasurbek (26), Baxodir (28), Jaxongir (31), Oybek (25), Azizbek, Azamat va Sundarbek (29 yosh)lar bilan birgalikda bir guruhga birlashgan.

Guruh "Bobur" mahallasidagi oshxonada choy ichib o‘tirgan, Jaxongir va uning Xurshid (24 yosh) hamda Ravshan (26 yosh)larning yoniga borib, o‘zlari bilan olib kelgan bita va qo‘llariga tushgan stul hamda boshqa jismlar bilan Jahongirni do‘pposlay boshlashgan. Jahongirni yonidagi Ravshan va Xurshid mojaroga ajratish uchun aralashganlarida, "samosudchilar" guruhi ularni ham urib do‘pposlab, tan jarohati yetkazishgan.

"Navoiyda samosud": erkak qiynoqqa solinib, traktorda sudraldi

Sud-tibbiy ekspertiza xulosasida, fuqaro Jaxongir A., va Xurshid A.,larga "yengil" tan jarohati yetkazilganligi ko‘rsatilgan.

Mazkur holat yuzasidan 5-noyabr kuni Sho‘rchi tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan fuqaro Shuxrat E., va boshqalarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi "b,v" va 277-moddasi 3-qismi "g" bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Tergov harakatlari davomida Abduvosit, Jasurbek,  Baxodir, Jaxongir, Oybek, Azizbek, Azamat, Sundarbek va 37 yoshli Shuxratlarga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan ayblov e’lon qilinib, har biriga nisbatan "qamoqqa olish" tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda, tergov yakuniga ko‘ra, yuqoridagi holatda ishtirok etgan har bir shaxsning harakatlariga qonuniy baho berilishi ta’minlanadi, deb xabar qiladi O‘zbekiston IIV huzuridagi Tergov departamenti.