Sibirda Yaponiyadan olib kelingan koronavirus tarqalmoqda - Popova

Rossiyada hozir asosan Yevropadan olib kelingan koronavirus tarqalmoqda, Sibirning ayrim joylarida esa Yaponiyadan olib kelingan virus mutatsiyasi aniqlangan.
Sputnik

TOShKENT, 17 noya - Sputnik. Bugun "COVID-19 haqida yangi ilmiy ma’lumotlar" mavzusida bo‘lib o‘tgan virual simpoziumda Rospotrebnadzor rahbari Anna Popova Rossiyaning Sibir hududida koronavirus mutatsiyasi aniqlanganini xabar qildi. 

"Biz Sibir hududida ma’lum o‘zgarishlarni aniqladik va ushbu hududda o‘ziga xos mutatsiyalarga ega bo‘lgan koronavirus shakllanayotgani haqida xulosa qildik. Bu qo‘zg‘atuvchini xavfliroq, kuchliroq yoki kuchsizroq qilmaydi. Biz shunchaki virusda ro‘y berayotgan har qanday o‘zgarishlarni qayd qilib bormoqdamiz", - dedi Rospotrebnadzor rahbari. 

Popova aytishiga ko‘ra, virusing Rossiya hududida aniqlangan mutatsiyasi epidemiologik vaziyatni ham o‘zgartira olmaydi.  

Rospotrebnadzor rahbarining so‘zlariga ko‘ra, ayni damda Rossiya hududida asosan G‘arbiy Yevropadan olib kelingan virus shtammlari tarqalmoqda. Epidemiya boshida XXRdan olib kelingan virus shtammlari esa - deyarli tarqalmayapti.

Sibir hududida esa vaziyat biroz boshqacha. U yerda ayrim joylarda Yevropadan olib kelingan virus ko‘rinishi tarqalayotgan bo‘lsa, boshqa joylarda virusning Yaponiyada tarqalgan mutatsiyasi qayd etilgan.