O‘zbekiston Qirg‘izistonga navbatdagi insonparvarlik yordamini jo‘natdi

Tibbiy yuk tarkibida - himoya kiyimlari va ko‘zoynaklari, bir martali ishlatiladigan niqob va qo‘lqoplar, dori vositalari, COVID-19’ni aniqlash testlari, shprislar va kapelnitsa.
Sputnik

TOShKENT, 16 noya — Sputnik. O‘zbekiston rahbariyatining farmoyishiga asosan yuborilgan navbatdagi gumanitar yuk Qirg‘iziston poytaxtiga yetib keldi. Bu haqda Qirg‘iziston Respublikasi hukumati xabar qildi.

Yuklarni qabul qilish marosimida Qirg‘iziston Respublikasi bosh vazirining o‘rinbosari Elvira Surabaldiyeva COVID-19ga qarshi kurash choralari doirasida ko‘rsatilayotgan yordam uchun O‘zbekiston hukumatiga minnatdorlik bildirdi.

"Bu koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashga qaratilgan birinchi gumanitar yordam emas. Shuni ta’kidlashni istardimki, qiyin damda O‘zbekiston tomonining qo‘llab-quvvatlashi juda o‘z vaqtida bo‘lmoqda va bu mamlakatlar o‘rtasidagi chinakam qardoshlik munosabatlarining dalilidir", - dedi Surabaldiyeva.

Tibbiy yuk tarkibida - himoya kiyimlari va ko‘zoynaklari, bir martali ishlatiladigan niqob va qo‘lqoplar, dori vositalari, COVID-19’ni aniqlash testlari, shprislar va kapelnitsa.

2020 yil iyul oyida O‘zbekiston Qirg‘izistonga gumanitar yordamning navbatdagi partiyasini yuborgandi. Gumanitar yuk - mobil kislorod konsentratlari va noinvaziv sun’iy nafas apparati sarflanadigan materiallari, umumiy og‘irligi sakkiz tonna, havo transporti orqali yetkazib berildi.