Namanganda 6 oylik chaqalog‘ini sotib yuborgan ayolga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Namangan viloyatining Chortoq tumanida 6 oylik chaqalog‘ini 1,9 million so‘mga sotib yuborgan ayolga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Sputnik

TOShKENT, 15 noya — Sputnik. Namangan viloyatining Chortoq tumanida 6 oylik chaqalog‘ini 1,9 million so‘mga sotib yuborgan ayolga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Viloyat IIB matbuot xizmati xabariga ko‘ra, 23-oktabr kuni Chortoq tumani va Namangan shahar ichki ishlar organlari xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbir davomida viloyatning Chortoq tumanida yashovchi, 1999-yil tug‘ilgan ayol 2020-yil 18-may kuni dunyoga keltirgan qiz chaqalog‘ini Chortoq tumanida yashovchi, 1969-yil tug‘ilgan fuqaroga 1,9 million so‘mga sotib yuborgan.

Farzandini sotgan ayol hali turmushga chiqmagan bo‘lgan.

Holat yuzasidan Chortoq tuman IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismi (o‘n sakkiz yoshga to‘lmaganligi aybdorga ayon bo‘lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan odam savdosi) bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.