Jizzaxda agrologistika markazi qurilishi boshlandi

Mazkur loyiha asosida quriladigan kompleks mamlakatda yetishtirilgan oziq-ovqat mahsulotlarini Rossiya va boshqa xorijiy bozorlarga eksportini kengaytirish uchun xizmat qiladi.
Sputnik

TOShKENT, 13 noya - Sputnik. Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanida "BMB Trade Group" hamda Rossiyaning «Natsionalnaya rezervnaya korporatsiya”si bilan hamkorlikda zamonaviy agrologistika kompleksini qurish bo‘yicha qo‘shma investitsiyaviy loyiha amalga oshirilmoqda.

Ayni vaqtda BMB-NRC AGROLOGISTICS O‘zbekiston-Rossiya qo‘shma korxonasi tomonidan mazkur kompleks uchun ajratilgan hududda dastlabki qurilish ishlari olib borilmoqda.

O‘zbekiston prezidentining "Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash va oziq-ovqat sanoatini yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qaroriga ko‘ra , mahsulotlarni yig‘ish, tashish, saqlash, qayta ishlash, qadoqlash, ichki va tashqi bozorga yetkazib berish borasida xizmat ko‘rsatuvchi zamonaviy agrologistika komplekslari va markazlari tizimini shakllantirish, joylashtirish, qurish, ularni boshqarish bo‘yicha bir qator vazifalar belgilangan.

Respublikada faoliyat yuritayotgan 405 ming tonna quvvatga ega 25 ta agrologistika markazlari qatoriga 4 ta agrologistika markazlari qo‘shilib, 257 ta yangi ish o‘rinlari tashkil etildi va agrologistika markazlari soni 29 taga, quvvati esa 451,7 ming tonnaga yetkazildi.

Mazkur loyiha asosida quriladigan kompleks mamlakatda yetishtirilgan oziq-ovqat mahsulotlarini Rossiya va boshqa xorijiy bozorlarga eksportini kengaytirish uchun xizmat qiladi.