TOShKENT, 12 noya - Sputnik. Prezident farmoniga ko‘ra, umumiy amaliyot shifokori mutaxassisi oilaviy shifokor etib qayta nomlanadi, shuningdek, tibbiyot oliy ta’lim muassasalaridagi fan dasturlari ham ayni oilaviy shifokor tayyorlashga moslashtiriladi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar bermoqda.
Oilaviy shifokorining mas’uliyati orttirilib, tuman va shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalari hamda viloyat shifoxonalariga bepul tibbiy yordam ko‘rsatilishi uchun yo‘llanmalar oilaviy shifokorlar tomonidan beriladigan bo‘ladi. Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida dori vositalari va tibbiy buyumlarga imtiyozli retseptlar yozib berish ham oilaviy shifokor tomonidan amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
2021 yil 1-yanvardan boshlab:
- qishloq vrachlik punkti oilaviy shifokor punkti deb, qishloq va shahar oilaviy poliklinikasi esa oilaviy poliklinika deb qayta nomlanib, aholi soni va mahalliy zaruriyatdan kelib chiqib, navbatchilik tizimi joriy etiladi.
Tuman va shahar tibbiyot birlashmasi boshliqlariga ajratilayotgan mablag‘lar doirasida, zaruriyatga qarab, tor soha shifokorlari shtatlarini mustaqil belgilash vakolati beriladi.
Mahallada aholining salomatligi, hududdagi kasalliklarning o‘sishi, aholining shifoxonalarga yotishi va murojaat qilishi kabilar oilaviy shifokorning faoliyati natijadorligini baholash ko‘rsatkichlari etib belgilanadi.
Shuningdek, oilaviy shifokor va boshqa tibbiyot xodimlari reytingiga ko‘ra, har chorakda bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 30 baravarigacha miqdorda bir martalik pul mukofoti bilan rag‘batlantirish amaliyoti joriy etiladi.