Shavkat Mirziyoyev Qarshida Davlat xizmatlari markazi va Texnoparkka tashrif buyurdi

Prezident Qarshida Davlat xizmatlari markazini hamda IT-Texnoparkni ko‘zdan kechirib ularning faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi.
Sputnik

TOShKENT, 12 noya - Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatiga bo‘lgan tashrifi doirasida Qarshi shahridagi Davlat xizmatlari markazi va Texnopark faoliyatini ko‘zdan kechirdi.

Prezident bu yerdagi sharoitlar bilan tanishib, xizmatlar ko‘lami bilan qiziqdi. Odamlar talabidan kelib chiqib, yangi xizmat turlarini yo‘lga qo‘yish, mahallalar bilan onlayn bog‘lanib, aholiga qulaylik yaratish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Bunday markazlarda ko‘rsatilayotgan xizmatlardan odamlarning xabardorligini oshirib, keng foydalanishga o‘rgatish muhimligini ta’kidladi.

- Davlat xizmatlari markazi orqali odamlar davlatning e’tiborini sezishi kerak, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ma’lumot uchun Qarshi shahridagi Davlat xizmatlari markazi 140 turdagi xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan. Buning uchun bu yerda yuqori tezlikda ishlaydigan internet, zamonaviy texnikalar bilan jihozlangan.

Markaz binosida Prezidentning Xalq qabulxonasi va Bosh vazir qabulxonasi ham joylashgan.

Shavkat Mirziyoyev Qarshida Davlat xizmatlari markazi va Texnoparkka tashrif buyurdi

Shuingdek prezident Qarshi shahridagi IT-texnoparkka ham tashrif buyurib u yerdagi sharoitlar bilan tanishdi. Texnoparkda dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan, veb-dizaynerlar, dasturchilar va robototexniklar o‘z faoliyatini boshlagan.

Shavkat Mirziyoyev Qarshida Davlat xizmatlari markazi va Texnoparkka tashrif buyurdi

O‘zbekistonda amal qilayotgan “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida o‘quv kurslari tashkil etilgani natijasida axborot texnologiyalariga qiziquvchi yoshlarga keng imkoniyat yaratildi. Ilk natijalar ham qo‘lga kiritilmoqda. Masalan,  eng yaxshi davlat mobil ilovasini ishlab chiqish bo‘yicha O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan “mGovAward” tanlovida qashqadaryolik yoshlardan tuzilgan jamoa g‘olib bo‘ldi. Ular yaratgan chet tillarini masofaviy o‘qitish mobil ilovasini takomillashtirish uchun 500 million so‘m mukofot puli ajratildi. 

Prezident ushbu yosh dasturchilarni muvaffaqiyat bilan tabriklab, kelgusi maqsadlarini so‘radi. Ularning loyihani yanada rivojlantirish, yangi dasturiy mahsulotlar ishlab chiqish rejalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi.

Shavkat Mirziyoyev Qarshida Davlat xizmatlari markazi va Texnoparkka tashrif buyurdi