Aholini ro‘yxatga olish 2023-yilga qoldirildi

Davlat statistika qo‘mitasi O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olish muddati 2022-yildan 2023-yilga ko‘chirilgani sababini izohladi.
Sputnik

TOShKENT, 12 noya — Sputnik. O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olish muddati 2022-yildan 2023-yilga ko‘chirildi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi matbuot xizmati xabar qildi.

O‘zbekiston aholisini ro‘yxatdan o‘tkazish masalalari muhokama qilindi

Ta’kidlanishicha, respublikada mustaqillik yillarida aholini ro‘yxatga olish tadbiri ilk bor o‘tkazilayotganligi inobatga olinib, tadbirga puxta tayyorgarlik ko‘rish va uni sifatli o‘tkazish maqsadida shunday qarorga kelingan.

“Aholini ro‘yxatga olish tadbiri keng ko‘lamli, ko‘p vaqt va katta mablag‘ talab etadigan tadbir bo‘lib, uni o‘tkazish uchun 2-3 yil davomida tayyorgarlik ishlarini olib borish talab etiladi”, — deyilagan xabarda.

Shuningdek, bugungi kunda ko‘pgina davlatlar koronavirus pandemiyasi tufayli aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish muddatlarini keyingi yillarga ko‘chirish choralarini ko‘rayotgani ta’kidlangan. Misol tariqasida bu tadbirlarni 2021-yilga ko‘chirgan Rossiya, Qozog‘iston va Armaniston keltirilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2020-yil 16-martda “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi qonun prezident tomonidan imzolangan edi. Qonun bilan aholini ro‘yxatga olishning asosiy prinsiplari belgilangan.