O‘ktam Barnoyevning ukasi Buxoro tumani hokimiga o‘rinbosar etib tayinlandi

Umedjon Barnoyev Buxoro tumani hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi
Sputnik

TOShKENT, 9 noya — Sputnik. Umedjon Barnoyev Buxoro tumani hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi. Bu haqda Buxoro viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar qildi.

Umedjon Barnoyev — 1970-yil 12-iyulda Romitan tumanida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy. 1996-yilda Buxoro oziq-ovqat va yengil sanoat texnologiyasi (hozirgi Buxoro muhandislik-texnologiya) institutini hamda 2000-yilda Samarqand davlat universitetini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi — muhandis-mexanik, huquqshunos.

Botir Zaripov Buxoro viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi

Mehnat faoliyatini 1998-yilda Buxoro viloyati Adliya boshqarmasida sud ijrochisi sifatida boshlagan. Faoliyati davomida Toshkent shahar prokuraturasi huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti xodimi (2004−2013), “O‘zpaxtasanoat” aksiyadorlik jamiyati yuridik boshqarmasi huquqshunos maslahatchisi (2018) sifatida ishlagan.

2018—2020 yillarda “Safari Vogue” innovatsion turizm klasteri direktor o‘rinbosari, 2020-yildan mazkur MChJ innovatsion turizm klasteri bosh direktori lavozimlarida faoliyat yuritgan.

Umedjon Barnoyev 2016—2020 yillarda Buxoro viloyati hokimi bo‘lib ishlagan, 2020-yil 20 sentabrida koronavirus oqibatida vafot etgan O‘ktam Barnoyevning ukasidir.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Botir Zaripov Buxoro viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangani xabar berilgan edi. 

Buxoro viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Karim Kamolov 22 avgust kuni koronavirus asoratlaridan vafot etganidan so‘ng Farhod Umarov viloyat hokimi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlangan edi.