Qoraqalpog‘istonda birdaniga uchta hokim o‘zgardi

Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahriga, Qorao‘zak va Chimboy tumanlariga yangi hokim tayinlandi.
Sputnik

TOShKENT, 8 noya — Sputnik. Qoraqalpog‘iston Respublikasida 3 ta yangi hokim lavozimga tayinlandi. Bu haqda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi matbuot xizmati xabar qildi.

Nukus shahriga Panayev Utemurat vaqtinchalik hokim vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. Panayev shu vaqtga qadar “Titan sement” MChJ O‘zbekiston – Xitoy qo‘shma korxonasi bosh direktori, Nukus shahri “Titan DSZ” MChJ raisi lavozimlarida ishlab kelgan.

Utambetov Uzaqbergen Qorao‘zak tumaniga hokim etib tayinlandi. Utambetov avval Qoraqalpog‘iston o‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi raisi lavozimida faoliyat yuritib kelgan.

Chimboy tumaniga esa Tajetdinov Aybek hokim etib tayinlandi. U bungacha Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan.