Mehnat migrantlari O‘zbekistonda soliq to‘lashi haqidagi xabarga izoh berildi

Adliya vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda mehnat migratlari soliq to‘lashi bilan bog‘liq ayrim tushunmovchiliklarga oydinlik kiritdi.
Sputnik

TOShKENT, 8 noya — Sputnik. Adliya vazirligining "Huquqiy axborot" kanalida mehnat migranti o‘zini o‘zi band qilgan shaxsga tenglashtirilishi va endi u qaysi soliqlarni to‘lashi mavzusidagi ayrim tushunmovchiliklarga oydinlik kiritildi.

Ma’lum qilinishicha, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar daromad solig‘i to‘lamaydi, ijtimoiy soliqni esa pensiya olish uchun ish stajiga ehtiyoj sezsagina to‘laydi.

O‘zbekistonda mehnat migranti bo‘lish osonmi?

2021 yil 1-yanvardan boshlab mehnat migratsiyasi yo‘li bilan xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlariga tenglashtiriladi.

Ularga o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun belgilangan soliqlarni to‘lash hamda pensiya miqdorini hisoblash tartibi qo‘llaniladi.

Soliq kodeksining 369-moddasiga  muvofiq o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar jismoniy shaxslardan  olinadigan daromad solig‘idan ozod etiladi.

O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar o‘ziga pensiya hisoblanishi va ish stajiga ega bo‘lishi uchun Pensiya jamg‘armasiga ixtiyoriy ravishda ijtimoiy soliq to‘lashi mumkin, bu 2020-yil uchun kamida BHMning 50 foizi hajmida (111 ming 500 so‘m) belgilangan.

“Agar chet elda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolar O‘zbekistonda pensiya va ish stajiga ehtiyoj sezmasa, unda Pensiya jamg‘armasiga ijtimoiy soliq to‘lashning hojati yo‘q”, - deyilgan xabarda.

Vazirlik mehnat migrantlarining o‘zini o‘zi band qilgan shaxsga tenglashtirilishi ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilganini urg‘ulagan.