TOShKENT, 8 noya — Sputnik. AQSh Demokratik partiyasidan prezidentlikka nomzod Jozef Bayden AQSh prezidenti saylovida g‘alaba qozonganini ma’lum qildi.
“Amerika, meni bu mamlakatga rahbarlik qilish uchun saylashgani men uchun sharaf. Oldinda og‘ir vazifa turibdi, ammo men uchun ovoz bergan-bermaganligidan qat’i nazar barcha amerikaliklar uchun prezident bo‘laman”, - deya yozdi u Twitterʼdagi sahifasida.
CNN, NBC, Fox News va Associated Press (AP) prognozlariga ko‘ra, Bayden amaldagi prezident Donald Tramp ustidan g‘alaba qozonish uchun talab qilinadigan saylovchilar hay’atining (Electoral College) 270 ta ovoziga ega bo‘lgan.
Tramp mag‘lubiyatni tan olmasligini ma’lum qildi. Uning fikriga ko‘ra, saylovlardagi ovozlarni hisoblash o‘z yakuniga yetdi deb hisoblash mumkin emas. U saylovchilar ovozini hisoblash yuzasidan sudga murojaat qilish niyatini tasdiqlagan. Zero, uning fikriga ko‘ra, saylovlar vaqtida demokratlar tomonidan ko‘plab qonun buzilishiga yo‘l qo‘yilgan.
O‘z navbatida, xorijiy siyosatchilar va davlat rahbarlari Jo Baydenga saylovda g‘alaba qozongani munosabati bilan tabrik yo‘llashni boshlab yuborishgan. Kanada bosh vaziri Jastin Trudo, Germaniya kansleri Angela Merkel, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson, NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg shular jumlasidan.