TOShKENT, 6 noya - Sputnik. Farg‘ona viloyatida "Yevro 4" va "Yevro 5" dizel yoqilg‘isini ishlab chiqarish boshlandi, deb xabra qilmoqda Energetika vazirligi.
"Bugun 5-noyabr kuni Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida «Yevro 4» va «Yevro 5» markali dizel yoqilg‘isini ishlab chiqarishga start berish tadbiri bo‘lib o‘tdi", - deyilgan xabarda.
Tadbirda Energetika vaziri o‘rinbosari Behzot Narmatov, Farg‘ona viloyati hokimi Xayrulla Bozorov, Jizzakh Petroleum bosh direktori Shokir Fayzullayev, FNQIZ direktori Xabib Latipov va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2010-yil 2-iyunda “Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodini modernizatsiya qilish” to‘g‘risidagi qarori qabul qilingan edi. Unga ko‘ra korxonada investitsiya loyihasini bosqichma-bosqich amalga oshirish ishlari olib borilmoqda.
Ayni paytda mazkur zavodning GDS qurilmasi (dizel yoqilg‘isini gidrotozalash)dagi 1,3 million AQSh dollar qiymatli katalizator almashtirish yo‘li bilan birinchi bosqich ishlari amalga oshirilib "Yevro 4" va "Yevro 5" markali dizel yoqilg‘isini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
"Yevro 4 va "Yevro 5" standartiga javob beradigan dizel yoqilg‘isi — yoqilg‘ining yonish jarayonini takomillashtirish va uning sarfini kamaytirish, shovqin, tebranish va korroziya tezligini pasaytirish, dvigatelni ishga tushirishni osonlashtirish kabi afzalliklarga ega.