“Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi

Ko‘krak nishoni bilan taqdirlanganlarga bazaviy hisoblash miqdorining to‘rt baravari miqdorida biryo‘la to‘lanadigan pul mukofoti beriladi.
Sputnik

TOShKENT, 5 noya — Sputnik.  “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazining matbuot xizmati xabar qildi.

Mazkur ko‘krak nishonini ta’sis etilishidan maqsad inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishda katta hissa qo‘shgan fuqarolar va tashkilotlarni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish hamda taqdirlash, bu faoliyatni amalga oshirishda o‘rnak bo‘layotganlar namunasini, ularning tajribasini ommalashtirishdan iborat.

“Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi

Bu bilan davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari va fuqarolarning inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi faoliyatini kuchaytirish nazarda tutilgan.

Ko‘krak nishoni bilan inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishdagi xizmati, inson huquqlarini targ‘ib qilishdagi faolligi, inson huquqlari sohasidagi ta’lim, yoshlar o‘rtasida inson huquqlarini himoya qilish an’analarini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi, inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlarni rivojlantirish va boshqarishdagi salmoqli yutuqlari, inson huquqlari sohasidagi samarali ilmiy faoliyati uchun O‘zbekiston fuqarolari taqdirlanadi.

Ko‘krak nishoni bilan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, shuningdek, inson huquqlarini himoya qilish sohasida faoliyat olib borayotgan tashkilotlar ham taqdirlanishi mumkin.

Ko‘krak nishoni bilan taqdirlanganlarga bazaviy hisoblash miqdorining to‘rt baravari miqdorida biryo‘la to‘lanadigan pul mukofoti beriladi.