Tojikiston o‘zbekistonlik talabalarning mamlakatga kirishiga ruxsat berdi

Tojikistonda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalarning mamlakatga kirishiga ruxsat berildi. Mamlakatga kuniga 50 nafargacha talaba Sariosiyo bojxona chegara posti orqali kirishi mumkin.
Sputnik

TOShKENT, 3 noya — Sputnik. Tojikistonda tahsil olayotgan talabalarning mamlakatga kirishiga ruxsat berildi. Bu haqda Sariosiyo tumani hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

“Bugun Tojikiston hukumati kunlik 50 nafargacha hujjatlari taqdim etilgan talabalarning Sariosiyo bojxona chegara posti orqali kirishiga ruxsat berilishini ma’lum qildi”, - deyilgan xabarda.

Ta’kidlanishicha, hozircha boshqa chegara postlaridan qancha talabalar kirishiga ruxsat berilgani haqidagi ma’lumotlar mavjud emas.

Hokimlik talabalar Tojikistonga kirish uchun fuqarolik pasporti nusxasi, talabalik guvohnomasi hamda so‘ngi 72 soatda koronavirus infeksiyasi aniqlanmaganligi to‘g‘risida test tahlili natijasini bojxona posti mas’ullariga ko‘rsatishlari talab qilinishini eslatgan.

Eslatib o‘tamiz, Tojikistonda koronavirus pandemiyasi tarqalishini oldini olish maqsadida chegaralarni yopgan edi. Kuni kecha O‘zbekiston va Tojikiston rasmiylari Dushanbe va Toshkent o‘rtasidagi aviaqatnovlarni qayta tiklash masalasini muhokama qilgan edi. Parvozlar qachon tiklanishi hozircha noma’lumligicha qolmoqda.