Samarqandda “avtomoyka” xodimi mijozning mashinasini olib qochdi

25 yoshli xodim yuvish uchun qoldirilgan mijozning “Gentra” avtomashinasini olib qochdi. Uni ushlash uchun mashina oynasi sindirishga to‘g‘ri keldi.
Sputnik

TOShKENT, 3 noya — Sputnik. Samarqandda avtomashina yuvish shoxobchasi xodimi mijozning avtomobilini olib qochdi. Bu haqda Tergov departamenti xabar qildi.

30 oktabr kuni soat 17:30 da 21 yoshli D.E. Samarqand shahar Kimogarlar qo‘rg‘oni Sayqal ko‘chasida joylashgan avtomashinalarni yuvish shoxobchasiga kelib, o‘zining “Gentra” avtomashinasini yuvdirish uchun 25 yoshli xodim Sh.A.ga qoldirgan.

Bundan foydalangan Sh.A. avtomashinani o‘t oldirib, uni noma’lum tomonga olib qochib ketgan.

Toshkentda “avtomoyka” xodimlarini ishga qabul qilishda tekshirish kuchaytiriladi

U mashinani boshqarib ketayotgan vaqtida aniqlanib, majburiy tartibda to‘xtatilgan. Shunga qaramasdan Sh.A. IIO FMB xodimlariga faol qarshilik ko‘rsatgan. Natijada uni ushlash maqsadida avtomashina eshigi oynasi sindirilgan.

Mazkur holat yuzasidan Sh.A.ga nisbatan O‘zbekiston JKning 267-moddasi 1-qismi (transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Sh.A. ayblanuvchi tariqasida jalb qilingan va unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. U 10-yilgacha qamalishi mumkin. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda avtomashina yuvish shoxobchasiga ishga kirmoqchi bo‘lganlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tekshirish kuchaytirilishi xabar qilingan edi.