Energetika vazirligi restoran va kafelarni gazdan uzish qarorini izohladi

Vazirlik xabariga ko‘ra, sovuq mavsumda tabiiy gaz ta’minoti birinchi navbatda, aholi xonadonlari, shifoxonalar va ta’lim muassasalariga yetkazib beriladi.
Sputnik

TOShKENT, 1 noya — Sputnik. O‘zbekistonda 1-noyabrdan xo‘jalik yurituvchi subyektlar, jumladan, umumiy ovqatlanish korxonalari uchun tabiiy gazdan foydalanishga doir cheklovlar joriy etila boshlandi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, sovuq mavsumda tabiiy gaz ta’minoti birinchi navbatda, aholi xonadonlari, shifoxonalar va ta’lim muassasalariga yetkazib beriladi.

“Barcha faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari O‘zbekistonda so‘nggi yillarda ularning muqobil yoqilg‘i turlariga (suyultirilgan gaz, ko‘mir va boshqalar) bosqichma-bosqich o‘tish dasturi amalga oshirilayotganidan xabarlari bor. Xo‘jalik yurituvchi subyektlarning amaldagi shartnomalarida kuz-qish davrida gaz yetkazib berishga cheklovlar kiritilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, shuning uchun ham ular muqobil yonilg‘i manbalariga ega bo‘lishlari kerak. Qisqa muddatlarda kuz-qish mavsumida muqobil yoqilg‘i turlaridan foydalanishni amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Shu munosabat bilan 2020-yilning 1-noyabridan joriy etilgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar, jumladan, umumiy ovqatlanish korxonalari (restoran, kafe) uchun tabiiy gazdan foydalanishga doir cheklovlar tabiiy gaz sotib olish bo‘yicha shartnomalarda ko‘zda tutilgan zarur chora hisoblanadi”, - deyilgan xabarda.

Xabarda yozilishicha, ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lmagan yuridik iste’molchilar 2020-2021 yillar kuz-qish davri boshlanishi arafasida tegishli bildirishnomalar olgan.

Vazirlik ular muqobil yoqilg‘idan foydalanishga o‘tish uchun faol choralar ko‘rishlari kerakligini qayd etgan.