Toshkent yaqinida "Mister Nokaut" filmi tasvirga olish ishlari boshlandi

Kartina sujetida Chirchiq va Angren shahri hamda Chorvoq suv ombori atrofida mashhur sovet boksori Valeriy Popenchenko hayoti va faoliyati aks etgan
Sputnik

TOShKENT, 30 okt - Sputnik. Rossiya Federatsiyasi "Kinodom" ijodiy uyushmasi vakillari navbatdagi filmni suratga olish maqsadida Toshkent viloyatiga tashrif buyurishdi. Bu haqda Toshkent viloyati turizmni boshqarish departamenti xabar bermoqda.

Yilning eng yaxshi nokauti - xuddi kinodagidek bo‘ldi

"Ayni paytda, kino ijodkorlar Chirchiq va Angren shahri hamda Chorvoq suv ombori atrofida mashhur Sovet boksori Valeriy Popenchenko hayoti va faoliyati aks etgan "Mister Nokaut" filmini tasvirga olish ishlarini boshlagan", - deyiladi xabarda.

Ayni vaqtda, suratga olish ishlarini davom ettirish uchun joyni tanlash ishlari olib borilayotgani qo‘shimcha qilingan.

Eslatib o‘tamiz, "Mr. Nokaut" filmi bosh rejissori Artem Mixalkov oktabr oyi o‘rtalarida O‘zbekistonga kelgan edi. Bosh qahramonni Viktor Xorinyak ijro etishi ma’lum. Murabbiy roliga Sergey Bezrukovni taklif etish rejalashtirilgan edi. Budjeti 200 million rublni tashkil etadigan kartinani joriy yilning o‘zida prokatga chiqarish mo‘ljallanmoqda. Filmning suratga olish ishlari Rossiya, O‘zbekiston, Polsha va Yaponiyada bo‘lib o‘tadi.